Yevropa ichki chempionatlari muxlislari uchun xushxabar. Endi to kelasi yilning martigacha hech qanday tanaffus bo‘lmaydi va endi qanaqadir tushunarsiz Millatlar Ligasi yoki o‘rtoqlik o‘yinlari o‘rniga, to‘rt oydan ortiq vaqt mobaynida, uzluksiz ravishda klublar futbolidan bahra olamiz.

Marafon yomon boshlanmayapti - «Atletiko» «Barselona»ni yengishga yana bir urinib ko‘radi. Bu uikendda shuningdek London derbisi, Italiyada esa, nolinchi yillar boshidagi ikki top-klub eski o‘rniga qaytish uchun o‘zaro to‘qnashadi. Maroqli dam oling.

LION - SeNT-ETeN (24 noyabrga o‘tar kechasi, 01:00)

Bugungi futbol muxlislari uchun «Sent-Eten» u qadar nomdor ko‘rinmasligi mumkin, lekin ushbu jamoa Fransiyada eng ko‘p chempion bo‘lgan jamoa sanaladi - 10 marta. «Lion» esa, «PSJ» kabi 7 marta bosh sovrinni qo‘lga kiritgan.

Liga 1 chempionatida chempionlik masalasi haqida biror shubhaga borish ham befoyda. Parij klubi mavsum boshidan buyon ochko yo‘qotgani yo‘q, allaqachon 13 ochkolik farq bilan birinchi o‘rinda bormoqda. Ammo aynan bu o‘yinga alohida e'tibor qaratilishining sababi, birinchidan, o‘yin juma kuni, ya'ni Yevropa klublar futbolini sog‘inib, har qanday o‘yin bo‘lsa ham ko‘raveraman, degan muxlislar uchun. Ikkinchidan, jamoalar jadvalda yonma-yon borishmoqda va har ikkisi ham bu yil Chempionlar Ligasi yo‘llanmasini beradigan o‘rinlar uchun asosiy da'vogar bo‘lib turibdi.

«Lion» oxirgi olti o‘yinda, «Sent-Eten» esa, so‘nggi 4 o‘yinda mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelayotganini e'tiborga olsak, tanaffusgacha jamoalar juda yaxshi formada bo‘lgan. Bu holat hozir ham saqlanib qolinganmi, ushbu o‘yin bu savolga ham javob berishi aniq.

O‘zaro o‘yinlarga kelsak, ushbu stadionda «Sent-Eten» ancha dadil harakat qilishini ta'kidlash kerak. Lionda o‘tgan so‘nggi 6 o‘yinning atigi 2 tasida mezbonlar g‘alaba qozongan, xolos. Shu yilning fevralida bo‘lib o‘tgan bahsda Debyushining 90-daqiqada urgan goli hisobni tenglashtirgan va bevosita o‘yinni kuzatgan 58 ming muxlis ustidan sovuq suv quyib yuborgandi. Umuman, so‘nggi yillarda «Lion» turnir jadvalida muntazam ravishda raqibidan yuqorida turgan bo‘lsa-da, so‘nggi 18 o‘yinning yarmida «Sent-Eten» ochko olishning uddasidan chiqqan.

«Lion»ni uch kun o‘tib, yana bir muhim o‘yin kutib turibdi. Chempionlar Ligasi bahsida «Manchester Siti» mehmon bo‘ladi. Bu omil ham «Sent-Eten» foydasiga xizmat qilishi mumkin.