«Kun.uz»ga yo‘llangan navbatdagi murojaat ham tadbirkorning muammosi haqida.
Agar bir dona ishlab chiqarish korxonasining ishi yurishsa, qancha inson ishli bo‘ladi. Ishbilarmonlik esa - o‘zi alohida iqtidor. Korxonani yurgizish, bozorda raqobatga dosh beruvchi mahsulot ishlab chiqarish, mijoz topishning o‘zi ming mashaqqat. Tadbirkor ming bir chig‘iriqdan o‘tib, loyihani amalga oshirmoqchi bo‘lganida, eng katta to‘siq paydo bo‘ladi...
Boburjon Rustamov, Andijon shahridagi Sanoat ko‘chasida joylashgan sobiq Ulgurji baza binosini qayta ta'mirlab, karton qutilar va qandolatchilik ishlab chiqarish uchun Xitoydan dastgohlar olib kelishga kirishdi.
Xitoyga borganida esa aynan o‘zi olib kelayotgan dastgohlarning ishlash jarayonini o‘rgandi. Bor sarmoyasini reja bo‘yicha ishlatishga urindi. 38 ming dollarga qandolatchilik dastgohlari, 35 ming dollarga esa karton qutilar ishlab chiqaruvchi dastgohlar xarid qilib, olib keldi.


Endi, korxona uchun ta'mirlangan joyga elektr toki olib kelishga unnadi. Yangi transformator va kabellarga 95 mln. so‘m sarfladi. Elektrni olib kelish uchun texnik shartlarga hujjatlarni to‘plashning o‘zi ham alohida g‘avg‘o. Uni ham epladi. 20-30 nafar ishchi bilan faoliyatni boshlay deganida eng asosiy muammo – «ELeKTR TOKI TANQISLIGI» dahmazasi boshlandi.

«Kun.uz» saytiga murojaat qilishdan oldin, ming o‘ylanganim, yechim topishga uringanimni aytishim kerak. Oxiri bo‘lmadi. Elektrdagi uzilishlar bo‘yicha muammolar qandolatchilik dastgohlarini o‘rnatayotganimizda boshlandi. Shahar va viloyat elektr tarmoqlariga murojaat qilamiz va «Qachon yonishini ayta olmaymiz. Liniyada «Ogranicheniye bor!», degan javobni eshitamiz. Ertalab, soat 9da o‘chsa, kunduzi soat 12da yonadi. So‘ng, soat 13:00da o‘chib, 16:00da yonadi. Bu sharoitda ishlab bo‘lmasligini bilib, to‘xtatdik-qo‘ydik. Chunki, ziyonga kirishimiz aniq-ku?
Deylik, qandolatchilik dastgohida qand xom ashyosini qorishni boshladik. Tok o‘chadi. Qand qaylasi qotadi va qaytib ishlatib bo‘lmaydigan chiqindiga aylanadi. Bu 800 ming so‘mlik mahsulot axlatga aylandi degani. Karton qutilarda ham shu ahvol. Uni tayyorlashda ham, qog‘oz qizitilib shaklga keltiriladi. Bir marta tok o‘chsa, 1 millionlik xom ashyo uvol. Kunduzlari hech bo‘lmasa, olti soat uzluksiz jadval bo‘yicha tok berishsa ham mayli edi. Pala-partish o‘chirishlarning oxiri yo‘q. Ahvol chatoq. Ziyonga kiryapmiz. Shuning uchun ikkinchi karton ishlab chiqaruvchi liniyani o‘rnatishga ham bosh qotgan», deydi tadbirkor.





















