Bugun Yevropa Chempionlar Ligasining to‘rt guruhida 5-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Narigi to‘rtlikdagi ba'zi top-uchrashuvlarga nisbatan, balkim, bugungi guruhlar ancha sokin ko‘rinayotgandir. Ammo bu aldamchi hissiyot, zero, bugungi maydonga tushadigan jamoalar ichida hech qaysisi 1-o‘rinni qo‘yavering, pley-off masalasini ham rasman hal qilgani yo‘q.
Ye GURUHI
AYeK – AYaKS (23:00)
BAVARIYa – BeNFIKA (01.00)

«Benfika»da keyingi bosqichga chiqish uchun imkoniyat nazariy tomondan yo‘qolgani yo‘q, ammo bu ish portugaliyaliklar uchun oson bo‘lmaydi. Jamoa qolgan ikki o‘yinni kerakli hisoblardagi g‘alaba bilan yakunlagan taqdirda ham, «Ayaks» va «Bavariya» AYeK bilan o‘yinlarda zarur ochkolarni olib, pley-off yo‘llanmasiga ega chiqishlari mumkin. Masalan, bugun Gretsiyaga safar qiladigan «Ayaks» g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, muddatidan avval nimchork final masalasini hal qilib qo‘yadi.
«Benfika» esa, Myunxenda «Bavariya» mehmoni bo‘ladi. Mezbonlar uchun bu o‘yinda durang ham keyingi bosqichga olib chiqadi. Lekin Niko Kovach shogirdlari bu o‘yinga yanada ko‘proq motivatsiya bilan tushishlarini ham kutsa bo‘ladi. Birinchidan, o‘rtada «Ayaks» bilan talashiladigan 1-o‘rin masalasi bor. To‘g‘ri, o‘tgan yili «Bavariya» guruhda ikkinchi bo‘lib ham, juda oson raqiblarga ega bo‘ldi, yarim finalgacha qiynalmay bordi. Ammo bu safar guruhda «PSJ» emas, «Ayaks»ni o‘tkazib yuborishni konservator rahbariyat kechirmasligi mumkin. O‘zi shundog‘am, «Bavariya» Bundesliganing oxirgi turida o‘z maydonida autsayder «Fortuna» bilan 3:3 o‘ynab qo‘yib, beshinchi o‘ringa tushib ketdi. «Borussiya» bilan o‘rtadagi farq 9 ochkoga yetdi. Ya'ni, Niko Kovachning kursisi yaxshigina qimirlab qolgani tayin. Bu vaqtda Arsen Venger Kovach o‘rniga bosh murabbiylikka taklif qilinayotgani haqida turli xabarlar tarqaldi.
Demak, bu o‘yin «Bavariya» futbolchilarining o‘z murabbiylari uchun qanchalik o‘ynay olishi, hammasi joyida ekanini qanday isbotlashi jihatidan ham qiziq. Yoki rostan ham muhit buzilgan va ertaga talofati tuzatilishi mumkin bo‘lgan o‘yinda yana bir bor raqibga imkoniyat taqdim etilishi ham ehtimol. Bu vaziyatda «Benfika»da qo‘shimcha ustunlik paydo bo‘ladi.
Lekin lissabonliklar ichki chempionatda juda ham yomon ishtirok etishmoqda. Muxlislar bu jamoa «Portu» va «Sporting»dan boshqasiga yutqazmayotganiga qoniqishayotgandi, ammo bu mavsumda ular «Belenensish» va «Moreyrensi» kabi autsayderlarga ham yutqazishdi va endi kuchli uchlikdan tashqarida qolishdi. Bunday holatdagi jamoa Germaniyadan ochko bilan qaytishi dargumon.

























