Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Maktabgacha ta'lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjatga ko‘ra, prezidentining 2017 yil 9 sentabrdagi PQ-3261-son “Maktabgacha ta'lim tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta'lim vazirligi tomonidan Toshkent shahrida joylashgan davlat maktabgacha ta'lim muassasalariga tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan tayyor ovqatlarni yetkazib berish bo‘yicha o‘tkazilgan eksperiment natijalari vazirlik, jamoatchilik va ota-onalar tomonidan ijobiy baholangan.

Belgilab qo‘yilishicha: 2019 yil 1 yanvardan boshlab:

davlat maktabgacha ta'lim muassasalari bosh oshpazi, oshpazi va oshxona ishchilari, oziq-ovqat omborlari mudirlari lavozim maoshlariga 100 foiz qo‘shimcha to‘lov joriy etilishi mumkin;

ovqatlantirish autsorsing usulida tashkil etiladigan maktabgacha ta'lim muassasalarining oshxonalarida ishlatiladigan kommunal xizmatlar (elektr energiyasi, suv, gaz) xarajatlari byudjyet mablag‘lari hisobidan qoplanadi;

maktabgacha ta'lim muassasalarida tayyor taomlarni yetkazib berish orqali sog‘lom ovqatlantirishni autsorsing usulida tashkil etilganda maktabgacha ta'lim muassasalari oshxonalari va ulardagi barcha jihozlar “nol” qiymatda ijaraga berilishi belgilanadi;

ovqatlantirish autsorsing usulida tashkil etiladigan maktabgacha ta'lim muassasalarida bosh oshpaz, oshpaz va oshxona ishchilarining qisqartirilishi natijasida tejaladigan byudjyet mablag‘lari bevosita maktabgacha ta'lim muassasalari oshxonalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash tadbirlariga yo‘naltiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga:

maktabgacha ta'lim muassasalarining oshxonalari faoliyati xarid qilinayotgan oziq-ovqat mahsulotlari va tayyorlanayotgan taomlar, shuningdek ularda foydalaniladigan texnologik jihozlarning sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga mosligini, oshxonalar xodimlarining sanitariya-gigiyena tadbirlari va epidemiyaga qarshi tadbirlar bajarilishiga rioya etishini aniqlash yuzasidan tasdiqlangan grafik asosida har oyda bir marta davlat, nodavlat, xususiy davlat sherikchiligi asosida faoliyat yuritayotgan barcha maktabgacha ta'lim muassasalarida sanitariya nazorat ishlarini o‘tkazish;