10:57 / 29.11.2018
6010

Neymar YeChLda eng ko‘p gol urgan braziliyalik futbolchiga aylandi

Chempionlar ligasi 5-turining eng ahamiyatli voqeasi - «Liverpul»ning «PSJ» maydonida taslim etilishi bo‘ldi. Birinchi bo‘limdagi 2:1 hisobi o‘yin oxirigacha o‘zgarmay qoldi.

Parijdagi bahsda mezbonlarning ikkinchi goliga Neymar mualliflik qildi. 37-daqiqada Mbappe uzatgan to‘pni Kavani darvozaga yo‘llagach, Alisson bu zarbani bartaraf eta oldi, ammo darvozabondan qaytgan to‘p Neymarning oyoqlariga kelib tushgach, u nishonda adashmadi va hisobni 2:0 ko‘rinishiga keltirdi.

Bu Neymarning eng asosiy yevrokubokdagi 31-goli bo‘ldi. Bu natija bilan u o‘z yurti futboli tarixida yangi sahifa ochdi, chunki bunga qadar YeChLda gollari sonini 30tadan oshirish hali hech qaysi braziliyalik o‘yinchiga nasib etmagan edi. U bu borada «Milan» va «Real»ning sobiq a'zosi Kakani ortda qoldirdi. Uchinchi o‘rinni 27ta gol bilan Rivaldo band etgan.

Jahonning eng qimmatbaho futbolchisi 5 yil oldin YeChLdagi debyutini «Barselona» safida o‘tkazgan, 2013 yil dekabrida musobaqadagi ilk het-trigini ham rasmiylashtirgan edi. Hujumchi bu mavsum «Tsrvena Zvezda» bilan o‘yinda ikkinchi marotaba het-trik qayd etdi.

Umuman, Neymarning o‘z faoliyati davomida Chempionlar ligasida 52ta o‘yin o‘tkazib, ularda 50ta golning bevosita ishtirokchisi bo‘ldi: o‘zi 31ta gol urib, 19ta golga assistentlik qildi.

Qo‘shimcha sifatida aytish kerak, 26 yoshli hujumchi Braziliya termasi uchun yana 18ta gol ursa, «pentakampeonlar»ning eng yaxshi to‘purari afsonaviy Peleni ham ortda qoldiradi.

Neymar ushbu yutuqni «PSJ» muxlislari o‘tirgan sektor yonida Alissonning futbolkasini kiygan holda nishonladi.

Mavzuga oid
Top