Kechadan boshlangan Yevropa milliy chempionatlaridagi navbatdagi turlar bugundan qizg‘in pallaga kiradi. Qiziqarli o‘yinlar shu qadar ko‘pki, masalan, La Ligadagi bugungi yetakchi jamoalar - «Alaves»va «Sevilya» o‘rtasida kechadigan ahamiyatli o‘yin ham anonsimizga sig‘may qoldi. Demak, e'tiboringizda, undan ham zo‘r o‘yinlar haqida qisqacha.

Fransiya

LILL - LION (1 dekabr, 21:00)

Ushbu mavsumni «Lill» jamoasi ancha ko‘tarinki kayfiyatda boshladi va bir muddat turnir jadvalida 2-o‘rinda ham bordi. Fransiyada bu o‘rin «PSJ»dan boshqa jamoalar uchun chempionlik bilan barobar ekanini yaxshi bilasiz. Ammo so‘nggi o‘yinlarda Kristof Galte shogirdlari sur'atni biroz pasayishdi - Ligadagi so‘nggi uch o‘yindan ikkitasida mag‘lubiyat, shuningdek, «Strasbur»ga qarshi kubok o‘yini ham boy berildi.

«Lion» esa barcha musobaqalar doirasidagi so‘nggi 15 o‘yindan atigi bittasida mag‘lub bo‘lgan. U ham bo‘lsa, Parijdagi o‘yinda.

Shunday bo‘lsa-da, «Lill»ning «Lion»ga qarshi uy uchrashuvi ancha qiziqarli bo‘lishi  tabiiy. Zero jamoalarni turnir jadvalida faqat 1 ochko ajratib turibdi, xolos. «Lion» 27 ochko bilan ikkinchi, «Lill» esa, 26 ochko bilan to‘rtinchi o‘rinda bormoqda. Bundan tashqari, so‘nggi paytlardagi o‘zaro o‘yinlarda «Lill»ning ustunligi ham o‘yinning ahamiyatini oshiradi. «Lill» Liondagi oxirgi ikki o‘yinda g‘alaba qozongan. Lillda bo‘lib o‘tgan fevraldagi bahsda esa, 2:2 hisobi qayd etilgandi. O‘yin davomida 0:2 hisobida orqada borgan mezbonlar oqibatda vaziyatni tenglashtira olishgandi.

Mehmonlar hafta o‘rtasida «Manchester Siti»ga qarshi qiyin o‘yin o‘tkazgani ham «Lill»ga qo‘shimcha ustunlik berishi mumkin.

Liga 1
15-tur
30 noyabr, juma
«Sent-Etenn»—«Nant» 3:0
Gollar: 1:0 – 72 Berich, 2:0 – 84 Hazri, 3:0 – 90 Kolodzeychak.