O‘zbekiston | 01:00 / 01.12.2018
6056
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda suv ta'minoti va kanalizatsiya sohasini rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida ichimlik suvi ta'minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi va boshqa idoralar bilan birgalikda xalqaro maslahatchilarni jalb qilgan holda, 2020–2024 yillarda O‘zbekiston Respublikasida suv ta'minoti va kanalizatsiya sohasini rivojlantirish konsepsiyasining loyihasini 2019 yil 1 yanvargacha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilanmoqda. Mazkur konsepsiya quyidagilarni quyidagilarni nazarda tutadi:

  • suv ta'minoti va kanalizatsiya sohasining ahvoli va uni rivojlantirish yo‘nalishlarini kompleks tahlil qilish;
  • aholini ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari bilan ta'minlashning maqsadli ko‘rsatkichlari;
  • suv ta'minoti va kanalizatsiya obektlarini boshqarish va ulardan foydalanish sohasiga xususiy sektorni jalb qilish;
  • tarmoqning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri, avvalo, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish;
  • ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va innovatsion yechimlar, shuningdek, ichimlik suvini hisoblashning zamonaviy asboblarini joriy etish.

Prezident qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Moliya vazirligiga 2 oy muddatda xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining texnik ko‘magi mablag‘lari hisobidan Kontseptsiya loyihasini ishlab chiqish ishlarini moliyalashtirishning aniq manbalarini aniqlash vazifasi yuklatilmoqda.

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid