O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi xodimlari xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda noyob hujjat – molekulyar darajada allergik ta'sirchanlik pasporti, allergiya pasportini joriy etish bo‘yicha dasturni amalga oshirmoqdalar.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati

Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, shoshilinch holatlarda qo‘llaniladigan allergiya pasportining elektron shakli namunasi.

Qayd etilishicha, bunday zarurat bolalar va o‘smirlarda turli xil xastaliklar, jumladan astma va anafilaksiya kasalliklarining ko‘payishi natijasida paydo bo‘ldi.

Astma va oziq-ovqat mahsulotlariga allergiyaning og‘ir shakllariga, jumladan anafilaksiyaga moyillikni molekulyar darajada aniqlash muayyan oziq-ovqat allergenlarini istisno qilish hamda og‘ir asoratlarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish imkonini beradi.

Shu munosabat bilan allergenlarga individual sezuvchanlikni aniqlash, olingan natijalarni to‘g‘ri tahlil qilish hamda natijalarni mutaxassislar va ota-onalar uchun maxsus blankka kiritish talab etiladi.

Pasport ikki xil shaklda chiqariladi. Pasportning shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun mo‘ljallangan shakli allergen manbalari va yuqori xavf tug‘diradigan alohida molekulalar haqidagi ma'lumotlar, shuningdek QR-kod (tez ta'sir ko‘rsatadigan kod)ini o‘z ichiga oladigan ikki tomonlama plastik karta tarzida taqdim etilgan. QR-kod katta hajmdagi ma'lumotlarni o‘z ichiga oladi va molekulyar tekshiruv bo‘yicha to‘liq axborot yozilgan qog‘oz shaklli pasportdagi barcha ma'lumotlarni o‘qish imkonini beradi. Masalan, bemorga shoshilinch yordam kerak bo‘lib qolganida, shifokorlar zarur ma'lumotlarni QR-kod orqali bilib olishlari mumkin bo‘ladi.

Vena Tibbiyot universitetining molekulyar allergologiya bo‘yicha yetakchi olimi, professor Rudolf Valenta hamda Innovatson rivojlanish vazirligining xalqaro eksperti Viktoriya Garib Innovatsion PAS (allergik ta'sirchanlik pasporti) kelajakdagi personallashtirilgan tibbiyotning muhim bo‘g‘imi bo‘lishi mumkin, deb fikr bildirdilar.