«Oltin to‘p» sovrini o‘tgan asrning o‘rtalaridan beri topshirib kelinayotgan bo‘lsa-da, boshqalar ham men kabi bu sovringa 90-yillar boshida e'tibor qaratgan bo‘lsa kerak. Men ham juda-a-a e'tibor qaratganman deyolmaymanu, yilning eng yaxshi futbolchilari ro‘yxatiga qaraganimda, bu sovrin Italiyadagi mundialdan boshlab o‘z ahamiyatini topgandek tuyulaveradi. Futbolchilarini ham taniganim uchundir balki.

Ha, men uchun ham Pele yetib bo‘lmas cho‘qqi, Kroyff otamning suyuklisi, Garrincha san'atkor, Mesxi sobiq ittifoq durdonasi, Yashin - qora pantera, Tofik Bahramov esa hakamlar siymosi bo‘lib gavdalansa-da, ularni hayotim yo‘lida parallel uchratmaganim uchun Maradonaning yoniga qo‘ya olmayman. Diyego do‘stimdek, akamdek ko‘rinaveradi.

O‘tmish yulduzlarini ham Papen va van Bastendaqa gol ura olishmagan deb o‘ylayveraman. Badjo siymosi kattaroq tuyulaveradi. Ulg‘ayganim sari kuzatganim – Zidan va Ronaldino futbol akademiyasi uchun mukammal qo‘llanma. Braziliyalik Ronaldo gol mashinasi. Bo‘ldi, futbol men uchun o‘z saboqlarini shu taxlit berib bo‘lgan go‘yo.

Magistraturada esa, Bekhem, Raul, Nedved, Del Pero, Bergkamp, Totti, Figu, Shevchenko, Klyuyvert va yana bir qator daholar qo‘shimcha dars o‘tib, futbolda bundan boshqa kashfiyot yaratib bo‘lmayajakligini tushuntirib ketishgan menga.

Va hatto «Milan» 2007 yilgi Chempionlar Ligasini yengganida va unda braziliyalik Kaka supero‘yin ko‘rsatib, yil oxirida «Oltin to‘p»ga loyiq ko‘rilganida ham men uchun oxirgi qo‘ng‘iroq chalib bo‘lingan edi. Keyin bilsam, bu qo‘ng‘iroq oxirgi qo‘ng‘iroq emas, tanaffusga chorlovchi qo‘ng‘iroq ekan.

Futbol o‘zi aldamchi o‘yin. «Chempion» gazetasini chiqarib yurgan paytimiz, aniqrog‘i, 2007 yilning oxirlarida kirish maqola yozgan ekanman. Yaqinda ko‘rib qoldim va uyalib ketdim. Lekin uyalishim asnosida o‘zini oqlamagan taxminlarimdan xursand ham bo‘ldim. Bilasizmi, o‘shanda nima yozgan ekanman? «So‘nggi magikanlar» futbol bilan xayrlashmoqdalar, bundan buyon futbol robotlar o‘yini bo‘lib qolajak, endi braziliyalik Ronaldo singari yiliga 30talab gol uradigan hujumchi chiqmaydi, Zidanga o‘xshab to‘p bilan aylanadigan, Ronaldino singari elastik harakatlar sohibi boshqa tug‘ilmaydi, degan ekanman. Qalay?!

O‘qigan odam o‘sha kun holati bilan ishongan, turgan gap. Rostanam-da, 2002 yilgi mundialdan so‘ng faqat jamoaviy o‘yin ko‘rsatayotgan terma jamoalar qit'a va jahonni yengayotgan bir paytda, boshqacha fikrga kelishning imkoni bormidi?! Kannavaro ajoyib futbolchi, ammo u «Oltin to‘p»ni olgach, bu sovrinning qiymati qaylarga tushib ketdi, deb ayyuhannos solgan biz bo‘lamiz, azizlar! Shu bois ham, Kakaning 2007 yili Parijda g‘olib bo‘lgani-da hech kimni sevintirmagan. «Milan» muxlislaridan boshqa. Men maqola yozgan va Kaka «Oltin to‘p» sohibiga aylangan o‘sha 2007 yil keyin ma'lum bo‘lishicha, to‘fondan oldingi sukunat edi.