Yevropada yana futbol kunlari kelmoqda. Kelasi hafta Chempionlar Ligasi o‘yinlari borligi uchun, top-klublarning bu haftadagi o‘yinlari asosan 8 dekabrga to‘g‘ri keladi. Angliyadagi markaziy o‘yindan tortib, Bundesligadagi asosiy derbi ham shanba kuniga belgilangan. Dam olish kunlarini esa, bugun A Seriyaning ikki yetakchi klubi ochib beradi. 

YuVeNTUS – INTeR (8 dekabrga o‘tar kechasi, 00:30)

Foto: Alessandro Sabattini/Getty Images

Bu qarama-qarshilik Italiyada so‘nggi yillarda hatto, Milan derbisini ham ortda qoldira oldi, deyish mumkin. Chunki, aksariyat hollarda bu o‘yin turnir jadvali uchun ham ahamiyatli bo‘lib qoladi, bu bir shahardagi muxlislarning tarixiy ziddiyati emas, A Seriya shinavandalarining diqqat markazidagi bahsdir. Tomonlar nafratining yanada kuchayishiga, 2004 yillarda boshlangan «Modjigeyt» voqealari sabab bo‘lgan. Esingizda bo‘lsa, «Yuventus»dan tortib olingan ikki chempionlik aynan «Inter»ga taqdim etilgandi. Turinliklar o‘sha sovrinlarni hali ham o‘zlariniki deb hisoblashadi. 

Hozir jamoalar orasidagi farq 11 ochkoni tashkil etsa-da, Ligada «Yuventus»ga sal bo‘lsa-da bosim qilishi mumkin bo‘lgan ikki jamoadan biri «Inter»dir. Umuman, so‘nggi o‘zaro o‘yinlarda ham milanliklar yetarlicha qarshilik qila olganini ko‘ramiz. So‘nggi 15 o‘yindan 8tasida turinliklar g‘alaba qozona olishmagan. Bunday statistika «Yuventus» raqiblari ichida eng yaxshisidir. 

Ayniqsa, o‘tgan yilgi bahslar ko‘pchilikning yodida bo‘lsa kerak. Turinda hisob ochilmagan bo‘lsa, Milandagi o‘yin chempionlik masalasida hal qiluvchi bahslardan biri bo‘lgandi. «Inter» dastlab gol qo‘yib yuborib, keyin bir kishi kam bo‘lib qolganiga qaramay, hisobda oldinga chiqib olgandi. Ammo so‘nggi uch daqiqada mehmonlar ikki gol urib, g‘alabani ilib ketgan. Bu o‘yindagi ochko yo‘qotish «Yuventus»ni chempionlikdan mahrum qilishi ham mumkin edi o‘shanda.

Tarkiblar borasida «Yuventus» safida Sami Xedira va Emre Jan maydonga qaytishi mumkin. Ular mashg‘ulotlarda qatnashishni boshlab yuborishgan.  Faqat Andre Barzali va Aleks Sandroda kichik jarohatlar bor. «Inter» esa, balki bu safar Raja Nainggolan yordamidan foydalanishi mumkin. Uning sport formasi hali ma'lum emas, lekin u ham jamoa bilan shug‘ullanishni boshladi.  

ShALKe – BORUSSIYa DORTMUND (8 dekabr, 19:30)