Dam olish kunlarida Ispaniya chempionatida 15-tur uchrashuvlari o‘tkazildi. Bu o‘yinlardan keyin «Barselona» birinchi o‘ringa, «Real» kuchli to‘rtlikka qaytdi. «Tribuna» turning asosiy o‘yinlari sharhini keltiradi.

«Espanol» - «Barselona» - 0:4 (0:3)
Gollar: Messi, 17 (0:1). Dembele, 26 (0:2). L.Suares, 45 (0:3). Messi, 65 (0:4).
«Espanol»: Diyego Lopes, Vila, Xavi Lopes, David Lopes, Duarte, Viktor Sanches, Darder (Granero, 74), Roka, Melendo (Serxio Garsiya, 63), Peres (Leu Baptistan, 59), Borxa Iglesias.
«Barselona»: ter Shtegen, Pike, Jordi Alba, Semedu, Langle, Rakitich (D.Suares, 82), Vidal, Buskets, Messi, L.Suares (El-Xaddadi, 79), Dembele (Koutinyu, 68).
Ogohlantirish: Vila, 79.
Hakam: del Serro Grande).
8 dekabr. Kornelya-de-Lobregat. RCDE Stadium (Power8) stadioni.

Eski tanishlar
«Jirona» La Ligada muqim o‘rnashayotgan bo‘lsada, keyingi yillarda bu ikki jamoa qarama-qarshiligi bir tomonning mutlaq ustunligida kechayotgan bo‘lsada, Kataloniyaning asosiy derbisi «Espanol» va «Barselona» bahsi bo‘lib qolaveradi. Qolaversa, ayni vaqtda «Espanol»ni boshqarayotgan Rubi 2013-14 yilgi mavsumda ko‘k-anorranglilar jamoasida murabbiylar shtabida bo‘lgan, «Barselona»ning hozirgi ustozi Ernesto Valverde esa 2006-08 yillarda «to‘tiqushlar» bosh murabbiyi sifatida ishlagan. Koutino 6 yil muqaddam bir mavsumni «Espanol»da ijara asosida o‘tkazgan. Bu safargi o‘yinni muxlislar eski tanishlarning qarama-qarshiligini entikish bilan kutmoqda edi.

Leoning golga tashnaligi

«Barselona» bu o‘yinga uchinchi formani tanladi. Odatda mehmon o‘yinlarida kiyiladigan sariq emas, atirgul rangidagi libos kiyildi. 

O‘yin boshlanganini bildiruvchi hushtak yangrashi bilanoq keyingi ikki o‘yinda maydonni golsiz tark etgan Messi bu o‘yinga o‘zgacha golga tashnalik bilan tushgani ko‘rinib turardi. «Espanol» mudofaasi esa uning ishtiyoqini yetarlicha to‘g‘ri baholay olmadi. Mezbonlar argentinalik futbolchini bir necha marta gazonga qulatgan bo‘lishsada, unga ko‘proq imkoniyatlar taqdim etishdi. Shunday qo‘polliklardan biridan keyin hakam jarima nuqtasini ko‘rsatdi - Messi ajoyib zarba bilan to‘pni darvoza to‘riga joyladi.