So‘nggi yillarda byudjyetdan maosh olib ishlaydigan soha ishchi-xodimlarining yelkasiga juda og‘ir yuklar ortilganiga ko‘p guvoh bo‘lganmiz. Ular majburiy obuna ko‘rinishida matbuotni, majburiy mehnat ko‘rinishida paxta yig‘im-terim kampaniyasini, temir-tersak to‘plab, og‘ir sanoatni, makulatura yig‘ib, yengil sanoatni «sudrab» kelishayotgandi. Bunday holatga chek qo‘yish maqsadida hukumat tomonidan ko‘plab qat'iy chora-tadbirlar ko‘rildi, qonunlar qabul qilindi.
Afsuski, vaziyat haligacha o‘zgarmagan.
Hali ham turli xil jamiyat va tashkilotlar byudjyetdan maosh olib ishlovchi ishchi-xodimlar maoshiga, ularning peshona teri evaziga topgan mablag‘iga ko‘z tikmoqda. «Byudjyetchilar» nafaqat o‘z oilasi, o‘z farzandlarini, balki mana shunday sohalarni ham «boqish»ga majburligi achinarli hol.
Xorazm viloyati, Urganch shahridagi umumta'lim o‘rta maktablarining ishchilari, pedagog xodimlari maoshidan (diqqat!) Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi va Qizil yarim oy jamiyati uchun pul ushlab qolingani aniqlandi.
Vaziyatga oydinlik kiritish uchun Urganch shahar Xalq ta'limi boshqarmasidan izoh so‘radik, buxgalteriya bo‘limida hujjatlar bilan tanishdik. Natijada, Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga har oyda (!) eng kam ish haqining 2 foizi miqdorida (4 055 so‘m) va Qizil yarim oy jamiyati uchun eng kam ish haqining 5 foizi miqdorida (10 136 so‘m) bir martalik mablag‘ ushlab qolingani ma'lum bo‘ldi.
Hujjatlarga ko‘ra, bu tadbir shahar hokimligining tavsiyasi (esda tutaylik) va ushbu tashkilotlarning iltimosnomasiga asosan tashkil qilingan. Shundan so‘ng, barcha maktablarda bu mavzularda yig‘ilish o‘tkazilib, hamma bir ovozdan buni ma'qullagan. Bayonnomalar rasmiylashtirilib, o‘qituvchilar, ishchi-xodimlarning imzosi yig‘ilgan. Ha, hujjatlarga e'tiroz bildirib bo‘lmaydi.
Ammo bunday majlislarning qanday o‘tkazilishi, bayonnomalarning qanday rasmiylashtirilishi, qarorlar qanday qabul qilinishini soha xodimlari juda yaxshi biladi. Gapning lo‘ndasini aytadigan bo‘lsak, rahbarning taklifi va tavsiyasi ma'qullanadi, unga hech kim e'tiroz bildirmaydi (bildirolmaydi ham), qaror bir ovozdan qabul qilinadi.
Urganch shahrining o‘zida 3 mingga yaqin pedagog xodimlar ishlashini inobatga olsak, bunga Xorazm viloyati tumanlaridagi o‘qituvchilar sonini ham qo‘shadigan bo‘lsak, soha xodimlarining maoshiga «quvurini ulab olgan» jamiyatlar yaxshigina mablag‘ to‘plab olishi mumkin - «toma-toma ko‘l bo‘lur», degan dono ajdodlarimiz.
Urganch shahar hokimligi xatida bu tashkilotlarning faoliyatini mablag‘ bilan ta'minlashda faol ishtirok etish tavsiya qilingan. Ha, aynan tavsiya! Ammo, tavsiya keyinchalik hayron qolarli tarzda ko‘rsatma va majburiyatga aylanib qolishi hech kimga sir emas.

















