O‘zbekistonda tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar, qulay muhit va qator imtiyozlar taqdim etildi va bu jarayon hamon davom etmoqda. Yaratilgan sharoitlardan foydalanib, o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yib, daromad olayotgan va mamlakat iqtisodi rivojiga hissa qo‘shib kelayotgan yurtdoshlarimiz talaygina.
Sohadagi bu yutuqlar shu yurt farzandi bo‘lgan har bir insonni quvontirishi tabiiy. Tadbirkorlar daromad olayotgani, vatan taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shayotganlari yaxshi, albatta.
Ammo bir jihat borki, buni aslo unutmaslik kerak. Ya'ni, tadbirkorlik sub'yekti belgilangan tartib-qoidalar, me'yorlarga amal qilishi, muhimi, aholi yashash tarzi, salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatmasligi kerak. Qisqacha aytganda, daromad aholi manfaatlariga zid kelmasligi, odamlarga aziyat yetkazish hisobiga bo‘lmasligi zarur.
Kun.uz tahririyatiga Samarqand viloyati, Jomboy tumani, «A.Qurbonov» mahallasi aholisidan aynan shu mazmunda murojaat kelib tushdi.
«Bizni bir necha yillardan buyon bir muammo qiynab kelmoqda. Gap shundaki, mahallamizda aholi istiqomat qiladigan hudud yaqinida xususiy sement ombori joylashgan. U yerda vagondan sement tushiriladi. Bu jarayonda xavfsizlik choralari ko‘rilmagan, belgilangan ekologik me'yorlarga amal qilinmagan. Oqibatda, aholi salomatligi uchun o‘ta zararli bo‘lgan sement changlari havoga tarqaladi. Aholi shu chang havodan nafas oladi. Natijada, turli xil nafas yo‘llari kasalliklari ko‘payib bormoqda. Mahalla hududida Jomboy tuman tibbiyot birlashmasi ham joylashgan. Bu yerda davolanayotgan bemorlarga ham sement changlarining salbiy ta'siri bo‘layotgani aniq. Biz ushbu masalada bir necha marta tegishli tashkilotlarga yozma va og‘zaki murojaat qildik. Ammo muammo yechimini topgani yo‘q», – deyiladi murojaatda.
Ushbu murojaat joyida o‘rganildi. «A.Qurbonov» mahallasida 3 mingdan ziyod kishi yashab kelmoqda. Mahalla hududi ichidan o‘tgan poyezd yo‘lining ikki tomonida aholi istiqomat qiladi. «Jomboy yashil chiroqlari» MChJga qarashli sement omborxonasi mavjud tomonida mahallaning 1 ming 200 nafardan ziyod aholi mavjud. Ushbu sement omboriga vagonlardan sement tushiriladi va havoga ko‘tarilgan chang mahalla hududi bo‘ylab tarqaladi.

Mahalla aholisi mazkur holat yuzasidan o‘z e'tirozlarini bildirdi.
«Uyimiz ushbu sement ombori yaqinida joylashgan. Tsement tushirilayotgan vaqtda havo tuman ko‘rinishiga keladi. Bunday havoda qanday nafas olish mumkin!? Bir necha yillardan beri shundan aziyat chekmoqdamiz. Tegishli tashkilotlarga bir necha bor murojaat qilsak-da, necha yillardan buyon muammo hal bo‘lgani yo‘q. Tadbirkorlikka hech qanday to‘sqinligimiz yo‘q. Ammo belgilangan me'yorlar asosida faoliyat yuritsin. Daromadni tadbirkor olyapti, ziyonni esa biz ko‘rmoqdamiz», – deydi mahalla faoli Azimxon Majidov.






















