Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Xalq ta'limi tizimi xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan umumta'lim muassasalarining o‘rnak ko‘rsatgan xodimlarini rag‘batlantirishning direktor jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlanishi mumkin.

Direktor jamg‘armasi mablag‘lari quyidagilarni moliyalashtirishga sarflanadi:

umumta'lim muassasalarining faqat o‘rnak ko‘rsatgan pedagog xodimlarining (ularning umumiy sonining ko‘pi bilan 50 foizi) bazaviy tarif stavkalariga har oylik ustamalar belgilash yo‘li bilan moddiy rag‘batlantirishga;

umumta'lim muassasalari xodimlarini moddiy rag‘batlantirish va ularga moddiy yordam ko‘rsatishga;

faqat tejalgan mablag‘lar mavjud bo‘lgandagina xodimlarning vaqtincha mehnatga layoqatsizligi bo‘yicha to‘lanmagan nafaqalarni moliyalashtirishga.

Direktor jamg‘armasini tashkil etishning vazifalari quyidagilardan iborat:

o‘qituvchilik kasbining jozibadorligini oshirish, umumta'lim muassasalari pedagog xodimlarining tizimli ravishda o‘z ustida ishlashlari, pedagogik kasb mahoratini oshirib borishlariga ko‘maklashish;

umumta'lim muassasalari pedagog xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilishni yanada takomillashtirish;

xorijiy davlatlar ta'lim tizimining ilg‘or tajribalaridan foydalangan holda zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida dars berish samaradorligini oshirish;

o‘quv-tarbiya jarayoniga katta shaxsiy hissa qo‘shayotgan, o‘z kasbiga sodiqlik va tashabbuskorlik, yuqori kasb darajasini namoyon etayotgan, o‘quvchilari ko‘rik-tanlovlar, fan olimpiadalari va musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritayotgan pedagog xodimlar mehnatini munosib rag‘batlantirish. 

Direktor jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyeti mablag‘lari hisobidan umumta'lim muassasasi mehnatga haq to‘lash fondining 15 foizi miqdorida shakllantiriladi.

Direktor jamg‘armasining mehnatga haq to‘lash fondiga nisbatan miqdori barcha umumta'lim muassasalari bo‘yicha yagona hisoblanadi.