Surxondaryo viloyati markazi Termiz shahrining “Amu sohili”, Ra'no Uzoqova, “Guliston”, “Jo‘yjangal” mahallalari aholisi jamoat transporti qatnovidan aziyat chekayotganini bildirib, tahririyatimizga murojaat qilishdi.

Biz mazkur mahallalar hududida bo‘lib vaziyat bilan tanishdik. Mahallalarda qariyb 10 mingga yaqin aholi istiqomat qiladi.

Shaharning janubiy qismida joylashgan, Surxon daryosining so‘l sohilidagi mazkur mahallalar bo‘ylab o‘tgan markaziy yo‘lda faqat 9-raqamli “Damas” avtomashinalari qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.

Tas-IX

YouTube

Lekin qatnov liniyasida “Damas”lar soni cheklangani bois ular jami aholining ehtiyojini qondira olayotgani yo‘q.

Ayniqsa, ertalab ishga va o‘qishga borishda, kechqurun esa ish va o‘qishdan uyga qaytishda ko‘chalar bo‘ylab katta navbat yuzaga kelmoqda. Aholi mahallaning ichkarisidan 4 kilometr piyoda yo‘l bosib, shahar markazidagi katta ko‘chaga chiqib olishmoqda.

9-raqamli “Damas”lar, masalan, ikki yosh bolasi bilan yo‘lga chiqqan onaning yoniga to‘xtamay o‘tib ketishadi. Yoki oxirgi bekatga borgach, darhol to‘lib qolib, shu bilan shahar markazigacha boshqa yo‘lovchi olmasdan kelishadi — o‘rta yo‘llarda turgan odamlar sarson.

“Jo‘yjangal” mahallasida “O‘ztransgaz” DUKning Surxondaryo viloyat hududiy boshqarmasi, harbiy qism, qurilish buyumlari bozori, ishlab chiqarish korxonalari va boshqa tashkilotlar bor. U yerga ham kelib ketishda qiyinchilik paydo bo‘lmoqda.