O‘zbekiston | 12:56 / 18.12.2018
14735
4 daqiqa o‘qiladi

Professor-o‘qituvchilarning yillik mehnat ta'tili qisqaradimi?

Foto: Getty Images

2018 yil 18 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi tomonidan oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining mehnat ta'tili muddatini ko‘rib chiqish masalasi yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi.

Unda joriy yilning 9 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi prezidenti huzurida respublika sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar natijadorligini muhokama qilish hamda ularni bartaraf etish va sohani izchil rivojlantirishga doir dolzarb vazifalarni belgilashga bag‘ishlangan videoselektor majlisida ko‘tarilgan mazkur masala mutaxassis va ekspertlar ishtirokida atroflicha tahlil qilindi.

Videoselektor yig‘ilishida davlatimiz rahbari tomonidan sohani isloh qilishga qaratilgan ko‘plab tavsiya va ko‘rsatmalar berilgandi. Jumladan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga O‘zbekiston ta'lim tizimiga nisbatan yaqinroq bo‘lgan xorijiy davlatlarning tajribasini o‘rgangan holda, oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilarining yillik mehnat ta'tilini 48 kundan 24 kungacha kamaytirish masalasini o‘rganib chiqib, tegishli xulosa tayyorlash vazifasi yuklatilgan edi.   

Qo‘mitaning kengaytirilgan yig‘ilishida tegishli vazirlik va idoralar vakillari tomonidan berilgan takliflar, tahliliy ma'lumotlar hamda xorijiy tajriba muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, mamlakatimiz ta'lim tizimiga yaqinroq bo‘lgan xorijiy davlatlarda, xususan, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Belarus, shuningdek, Moldova respublikalarining tajribalari chuqur o‘rganildi.

Muhokamalar chog‘ida oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari mehnat faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari, ya'ni yuqori darajadagi his-hayajon, aqliy zo‘riqish bilan bog‘liq holatlar ham ishtirokchilar e'tibor markazida bo‘ldi.

Shu bilan birga, bu boradagi qonunchilik tahlil etilib, qator taklif va mulohazalar o‘rtaga tashlandi. Jumladan, Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 135-moddasiga (Yillik uzaytirilgan asosiy ta'tillar) pedagoglar uchun uzaytirilgan yillik mehnat ta'tili muddatini 24 ish kunidan 48 ish kunigacha ularning ish stajiga bog‘liq holda mutanosib ravishda belgilashga doir tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi taklifi bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Ishtirokchilar fikriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining biror-bir normativ-huquqiy hujjatlarida ta'lim muassasalari xodimlariga beriladigan yillik uzaytirilgan ta'tilning muddati aniq ko‘rsatilmagan. Shu sababli mamlakat ta'lim tizimi xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, qonun hujjatlariga o‘qituvchi-professorlar tarkibining haq to‘lanadigan yillik ta'tillarining aniq muddatini belgilaydigan normalar kiritilishi lozimligi qayd etib o‘tildi.

Shundan kelib chiqib, parlament quyi palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasida Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari hamda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi vakillaridan iborat ishchi guruhi shakllantirildi hamda qisqa muddat ichida mazkur masalani har tomonlama o‘rganib, chuqur tahlillar asosida huquqiy yechim topishga kelishib olindi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid