O‘zbekiston mehnat bozoriga yiliga 700 ming to‘laqonli mehnatga yaroqli fuqaro qo‘shilmoqda. Ularni munosib mehnat bilan ta'minlash, shunga yarasha ish o‘rinlari barpo qilish davlat va hukumat oldida turgan dolzarb masaladir. Xalqaro mehnat tashkiloti bosh direktori Gay Rayder Kun.uz muxbiriga bergan blits-intervyusida o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi. Janob Rayder, shuningdek, O‘zbekistonda mehnat munosabatlarini tartibga solishda qilinishi lozim bo‘lgan ishlar ko‘p ekanligini ham ta'kidladi.

Sizga bir necha savol bilan murojaat qilaman. Birinchi savolim shundan iboratki, O‘zbekistonda majburiy mehnatga barham berish bo‘yicha harakatlarni va erishilgan natijalarni qanday baholaysiz?
– Biz O‘zbekiston bilan majburiy mehnatga barham berish borasidagi harakatlarni 5 yil oldin boshlaganmiz. Tan olib aytishim kerak, hamkorlikning dastlabki yillari oson kechmagan. Fikrlardagi qarama-qarshiliklar, kelishmovchiliklar yetarlicha to‘siq bo‘lgan. Biroq, vaqt o‘tishi bilan, ko‘plab omillar, xususan, xalqaro maydondagi siyosiy holatlar sabab bo‘lib, hamkorlikning istiqbollari ijobiy tomonga o‘zgardi.
O‘zbekiston hukumati bolalar mehnati va majburiy mehnatga chek qo‘yishga astoydil kirishdi. Natijada bolalar mehnatiga butunlay barham berilib, majburiy mehnatga jalb qilish hollari sezilarli darajada kamaydi. Ammo, ayrim hududlarda odamlarni ma'lum bir ishlarni bajarishga majburan undash bilan bog‘liq vaziyatlar saqlanib qolmoqda. Umid qilamanki, bunga keyingi bir-ikki yil ichida batamom nuqta qo‘yiladi.
O‘zbekiston hukumati aynan majburiy mehnatga barham berish choralaridan biri sifatida viloyatlar va tumanlarda rahbarlarni ishdan bo‘shatdi. Nima deb o‘ylaysiz, bunday choralar majburiy mehnatga barham berish uchun yetarlimi?
– Aytib o‘tganimdek, hali amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlar kam emas. Fikrimcha, markaziy hokimiyat shunday yo‘l tutishi kerakki, undan quyida turuvchi boshqa tashkilotlar, xususan, hokimliklar majburiy mehnatga aslo yo‘l qo‘yilmasligini, agar shunday holat aniqlansa, qattiq jazoga tortilishi mumkinligini tushunib yetishi lozim. Bu ishlar bosqichma-bosqich va eng muhimi, tartib bilan amalga oshirilishi muhim. Yana shuni ham aytib o‘tishim kerakki, mening Toshkentga ayni shu fursatda tashrif buyurishim bevosita O‘zbekiston hukumati amalga oshirayotgan islohotlar, yanada aniqroq aytsam, iqtisodiyotni erkinlashtirishdagi harakatlar bilan ham bog‘liq. Ma'lumki, ushbu jarayonda mehnat bozorida ko‘plab muammolar, jumladan, aholini ish bilan ta'minlash masalasi vujudga keladi. Har yili 700 mingdan ortiq yoshlar mehnat bozoriga kirib keluvchi O‘zbekistonda bu masala ayniqsa dolzarb. Shundan kelib chiqib aytish zarurki, O‘zbekiston bunday yoshlarni ish bilan ta'minlashi, ularni ijtimoiy jihatdan muhofaza qilishi, davlat istiqboli uchun kerakli sohalarga yo‘naltira bilishi yuqorida keltirilgan muammolarga yechim bo‘ladi, deb o‘ylayman. Shu va shunga yaqin boshqa masalalarda Xalqaro Mehnat Tashkiloti O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishga tayyor.
















