O‘zbekistonda imkoniyati cheklanganlarning ijtimoiy muhofaza qilinishi masalasi doimo e'tiborda bo‘lib kelgan. Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmush darajasi va sifatini yanada yaxshilash, ularga tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarishga, jamiyatdagi faol pozitsiyasini shakllantirishga ko‘maklashish yuzasidan chora-tadbirlar muntazam ravishda amalga oshiriladi. Bu borada bir nechta qaror va farmon ham qabul qilingan.
Prezidentning 2017 yil 1 dekabrdagi «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonida ham bu borada bir qator vazifalar belgilangan.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda nogironligi bo‘lgan shaxslarni uy-joy bilan ta'minlashga jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Uyga muhtoj bo‘lgan bunday shaxslar davlat tomonidan bepul va arzon uy-joylar bilan ta'minlab kelinmoqda.
Albatta, uyga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslarning hammasini bir vaqtda uy-joy bilan ta'minlab bo‘lmaydi. Shu bois, bu borada chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, uylar navbati bilan berilmoqda.
Shu bilan birga, nogironligi bo‘lgan shaxslar orasida ko‘rsatilayotgan e'tibordan qoniqmayotgan, norozi, hokimliklar bilan o‘rtasida turli tushunmovchilik holatlari yuzaga kelgan kishilar ham yo‘q emas.
Kun.uz tahririyatiga Buxoro viloyati, Buxoro shahrida yashovchi II guruh nogironi, 52 yoshli Risolat Tohirovadan tushgan murojaat aynan shu mazmunda.
Risolat Tohirova o‘z murojaatida yolg‘iz ayolligi, boshpanasi yo‘qligi, uy-joyga muhtojligi va Buxoro shahar hokimligi hamda mutasaddi tashkilotlar tomonidan unga bu borada ko‘mak berilmayotganini bildirgan.
Murojaatchi bilan uchrashib, uning bu boradagi e'tirozlarini tingladik.
Risolat Tohirova G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 1998 yilgacha sobiq «Buxoroteks» AJda ishlab kelgan. Sog‘ligi yomonlashgani tufayli unga II guruh nogironligi berilgan va korxona bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan. 2003 yildan nogironligi muddatsiz etib belgilangan. Korxonada ishlagan davrida Tohirova korxonaga qarashli 5 «A»-sonli oilaviy yotoqxonada yashagan va doimiy ro‘yxatga qo‘yilgan.
Mehnat shartnomasi bekor qilingandan keyin korxonaga tegishli yotoqxonadan chiqarilgan va G‘ijduvon tumanida onasi bilan bir muddat yashagan.






















