O‘zbekiston | 10:30 / 19.12.2018
51641
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon banki O‘zbekistondagi uchta shaharni rivojlantirish uchun 100 mln dollar ajratdi

Foto: AP

Jahon banki direktorlar kengashi tomonidan tasdiqlangan «O‘rta shaharlarning kompleks rivojlanishi» loyihasi doirasida O‘zbekistonning uchta shahrida kommunal xizmatlarni taqdim etish va shahar infratuzilmasi yaxshilanadi. Tiklanish va taraqqiyot xalqaro banki (TTXB - Jahon banki guruhidagi tashkilot) uni amalga oshirish uchun 100 million dollar miqdorida kredit ajratadi.

«Jahon banki O‘zbekistonda birinchi marta shahar xo‘jaligini rivojlantirish loyihasini moliyalashtiradi, - deya ta'kidlab o‘tdi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori. - Loyiha Buxoro, Toshkent va Namangan viloyatlaridagi o‘rta shaharlarda turmush sharoitlarini yaxshilashga yordam beradi, shuningdek, mamlakat hukumatining mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga yo‘naltirilgan sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi».

Jahon banki tomonidan qo‘llab-quvvatlangan loyiha O‘zbekistonning o‘rta shaharlarida, xususan, Kogon (Buxoro viloyati), Chortoq (Namangan viloyati) va Yangiyo‘lda (Toshkent viloyati) shahar infratuzilmasi, jamoat joylari hamda kommunal xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirishga yordam beradi. Ushbu aholi punktlarining umumiy aholisi soni 165 ming kishini tashkil etadi.

Loyiha shahar xo‘jaligi, shahar infratuzilmasi, aholiga kommunal xizmatlar ko‘rsatish, shahar transport tizimini rivojlantirish, barqaror turizm va xususiy sektor bilan hamkorlik sohasida markaziy hamda mahalliy hokimiyat organlarining institutsional salohiyatini mustahkamlaydi.

Mavzuga oid