Fevralda Chempionlar Ligasida pley-off o‘yinlari boshlanadi. U paytgacha hali vaqt bor va jamoalar ayniqsa, yanvar transfer oynasidan keyin qanday holatda bo‘lishlari noma'lum bo‘lsa-da, biz asosiy juftliklarga yana bir bor nazar tashlab ko‘rishni lozim topdik.

«Manchester Yunayted» — «PSJ»

Foto: Srdjan Stevanovic/Getty Images

Agar o‘yin ertaga bo‘lganida, hammasi aniq, top o‘yinlarda raqibni yutish tugul, munosib qarshilik ham qila olmayotgan «Manchester Yunayted»ni dunyodagi eng kuchli hujum triosi (bahsli) chilparchin qilib tashlashi muqarrar edi.

Ammo o‘yin ikki oydan keyin bo‘lib o‘tadi va muammolarni yechish borasida inglizlar dastlabki qadamni tashlab ulgurishdi. Joze Mourino iste'foga chiqarildi. Bu degani jamoa tarkibi masalan, «Liverpul»ga qarshi bo‘lganidek emas, birmuncha yulduzliroq bo‘ladi. Sababi, Pogba, Sanches, Marsiyal kabi futbolchilar murabbiy taktikasiga mos kelmagani uchun ham chetda qolayotgandi. Rahbariyat mavsum oxirigacha jamoaning sobiq futbolchisi Ole Gunnar Sulsherni bosh murabbiy etib tayinladi.

Parij jamoasi har jabhada Yevropaning eng kuchli tarkibiga ega bo‘lishi bilan birgalikda, muammo shundaki, Fransiya chempionatida yetarlicha qarshilik yo‘qligi tufayli, yevrokuboklardagi top o‘yinlarda muammolar yuzaga kelmoqda. Misol uchun, guruh bosqichidagi «Napoli» va «Liverpul»ga qarshi to‘rt o‘yindan atigi bittasi g‘alaba bilan yakunlandi, xolos. To‘g‘ri, Tuxel jamoasi guruhda birinchi o‘rinni oldi, ammo avvalo, buning uchun «Tsrvena Zvezda»dan minnatdor bo‘lish kerak. Aynan serblar asosiy raqiblardan ochko olib berishdi.

Frantsuzlarga muammo tug‘dirgan «Napoli» va «Liverpul»ning o‘xshash jihatlari bor – har ikki jamoa ham yuqori pressingda o‘ynashni afzal biladi. Asosiy quroli hujum chizig‘ida bo‘lgan «PSJ» uchun bu ancha noqulaylik tug‘dirdi. Agar Mourino Manchesterda qolganda, balki uning uslubi «PSJ» uchun ancha qulay bo‘lishi mumkin edi. Endi esa, fevralda «MYu» qanday o‘yin ko‘rsatadi, qaysi uslubda va qanday tarkibda bo‘ladi, aytish qiyin. Hatto yanvardagi transfer oynasi ham ingliz klubini o‘zgartirishi mumkin.

Yana bir qo‘shimcha intrigalardan biri Anxel Di Mariyaning «Old Trafford»ga qaytishidir. «MYu»ga to‘rt yil oldin katta transfer bilan kelgan, ammo omadi chopmagan futbolchi sobiq jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Shuningdek, yosh futbolchilar ichida o‘z vaqtida solishtirilgan ikki yosh hujumchi Reshford – Mbappe qarama qarshiligi ham qiziq bo‘lsa kerak. Frantsuz hozirda ancha oldinlab ketgan, ammo alohida o‘yinlarda bularning qaysi porlashini taxmin qilish qiyin.