O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta'lim vaziri Agrippina Shin Kun.uz’ga bergan intervyusida 2021 yilgacha barcha bolalar maktabga ta'lim bilan qamrab olinishini ta'kidlab o‘tdi.

— Siz rahbarlik qilayotgan vazirlikda bu yil qo‘l urilgan yangiliklardan biri kuzatuv kengashlari. Buni ishga tushganiga ko‘p vaqt bo‘lgani yo‘q. Lekin albatta qayta reaksiya bo‘lgan bo‘lishi turgan gap. Ota-onalarning mazkur tizim haqidagi fikrlari qanday?

— Kuzatuv kengashlari maktabgacha ta'lim tizimida mutlaqo yangilik bo‘ldi. Chunki kuzatuv kengashi o‘z zimmasiga maktabgacha ta'lim tizimini nazorat qilish funksiyasini oldi. Maktabgacha ta'lim muassasasi mudiri bir yilda ikki marta nafaqat mazmun yoki tarbiyaviy qism bo‘yicha, shuningdek u moliyaviy faoliyat bo‘yicha kuzatuv kengashi oldida hisobot berishi yangilikdir. Maktabgacha ta'lim muassasasi mudirasi lavozimi ham saylanadigan lavozimga aylantirildi. Ilgari bolalar bog‘chasi mudiraligiga tepadan biror kishi tayinlangan bo‘lsa, endi faqat kuzatuv kengashi bu lavozimga tavsiya berish huquqiga ega bo‘lmoqda.

— Bularning barchasi shaffoflikni oshirish, tizimda korrupsiyaga barham berish uchun qilinayotgan bo‘lishi kerak…

— Shubhasiz. Shu vaqtgacha ota-onalar bog‘chalar faoliyatidan chetda bo‘lgan, ularning funksiyasi bog‘cha uchun to‘lovni o‘z vaqtida amalga oshirishdan iborat bo‘lgan. Endi ularning o‘zlari bevosita ta'lim, moliya va ta'minot jarayonida ishtirok etishadi va o‘z-o‘zidan ota-onalar ham ta'lim jarayoni sub'yektlariga aylanishadi. Bu juda muhim.

— Ota onalarni bolalarning taomlanishi kabi masala ham tashvishlantiradi…

— Albatta, bu juda og‘riqli masala. Men intervyuni boshida ham ovqatlanishni tashkillashtirish tizimi o‘ta og‘ir ahvolda bo‘lganini ta'kidlab o‘tdim. Chunki jamiki moddiy-texnika bazalari, bizning oshxonalarimiz biror marta yangilanmagan. Muzlatgichlar eskirgan, ularning aksariyati ishlamaydi. Pechkalar ham og‘ir ahvolda. Bularning barchasi zaharlanish holatlari ko‘payishiga sabab bo‘lgan. Lekin biz faktlarni yashirmaymiz, chunki bir yilning ichida bu masalalar va muammolarning barchasini hal qilish amalda imkonsiz.

Bunday holatda tizimli yondashuv kerak bo‘ladi. Men fursatdan foydalanib bizga do‘stona ko‘mak qo‘lini cho‘zgan barcha idoralar va tashkilotlarga tashakkur bildirmoqchiman. Men hozir ularning barchasini nomma-nom sanab o‘tirmayman. Chunki ro‘yxat juda uzun.

Ovqatlanishni tashkil etish juda og‘riqli masala dedim. Biz bu jabhadagi korruptsion momentlarni bartaraf etishimiz kerak. Pedagogik tarkib va tarbiyachilar uchun shunday sharoit yaratishimiz kerakki, u o‘z statusini hurmat qilsin. Biz bosqichma-bosqich shu yo‘nalish bo‘ylab boramiz. Bu munosib va juda yaxshi oylik ish haqi bo‘ladi. Shundagina o‘sha noxush holatlarga barham berilar.