Yevropa futbol agentlari assotsiatsiyasi (EFAA) va Yevropa klublari assotsiatsiyasi (ECA) tomonidan ta'sis etilgan «Globe Soccer Awards» yillik mukofotlari o‘z sohiblariga topshirildi.

Dubaydagi «Burj Al Arab» mehmonxonasida bo‘lib o‘tgan taqdirlash marosimida Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu 2018 yilning eng yaxshi futbolchisi deb e'lon qilindi. O‘tgan yili yozda «Real»dan «Yuventus»ga ko‘chib o‘tgan yulduz qatorasiga uchinchi marta, jami to‘rtinchi marotaba «Globe Soccer Awards» tasnifida yil futbolchisi deb e'tirof etildi.

Foto: Globe Soccer Awards

Ronaldu yakuniy uchlikka kiritilgan Antuan Grizmann va Kilian Mbappeni ortda qoldirgan. Krishtianu, shuningdek, «433 muxlis» sovriniga ham loyiq ko‘rilgan. Ushbu muxlislar guruhi futbol olamining eng yirik birlashmalaridan sanaladi.

Foto: Globe Soccer Awards

JCh-2018da Fransiya terma jamoasini chempionlik sari yetaklab borgan Dide Desham yilning eng yaxshi murabbiyi deb topildi.

Foto: Globe Soccer Awards

Marosimda «Atletiko» «Yilning eng yaxshi klubi» deya tan olindi. Mukofotni klub bosh ijrochi direktori Migel Anxel Gil Marin qabul qilib oldi.

Foto: Globe Soccer Awards

Fransiya terma jamoasi va «Yuventus» yarimhimoyachisi Blez Matyuidiga «Futbolchilik karerasi» sovrini topshirildi. Ushbu sovrinning sobiq futbolchilar uchun nominatsiyasida braziliyalik Ronaldo e'tirof etildi.

Foto: Globe Soccer Awards
Foto: Globe Soccer Awards

Ronalduning agenti Jorjye Mendesh «Yilning eng yaxshi agenti» mukofotini qo‘lga kiritdi.