Washington Post gazetasi AQSh prezidenti Donald Tramp rossiyaliklar prezidenti Vladimir Putin bilan muzokaralari tafsilotlarini yashirgani, hatto tarjimondan uchrashuvlardan biriga oid yozuvlarni olib qo‘ygani haqida ma'lumot berdi. Oq uydagilar bunga javoban, maqolada noaniqliklar ko‘pligini aytib, unga izoh berishni ma'qul ko‘rmagan.

Gazetaning yozishicha, Tramp AQShning avvalgi prezidentlaridan farqli ravishda Putin bilan muzokaralarga o‘zi bilan Oq uyning boshqa yuqori martabali vakillarini olib bormagan va hech kim bilan bu muzokaralar tafsilotlari haqida suhbatlashmagan.

Keyingi ikki yil davomidagi beshta joyda bo‘lib o‘tgan suhbatlarning birorta ham batafsil yozuvi mavjud emas.

Endilikda AQSh Vakillar palatasining xorijiy ishlar bo‘yicha qo‘mitasi Donald Tramp va Vladimir Putin o‘rtasidagi uchrashuvlar bo‘yicha tinglovlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

«Tramp har safar Putin bilan uchrashganida mamlakatga hech gapni ma'lum qilmaydi. Amerika haqiqatni bilishga loyiq va vakillar palatasining xorijiy ishlar bo‘yicha qo‘mitasi buning tagiga yetmoqchi. Biz Trampning Putin va uning atrofidagilar bilan g‘alati munosabatlari atrofidagi sirlar va bu yashirin munosabatlar milliy xavfsizligimizga qay darajada ta'sir qilishi bo‘yicha tinglovlar o‘tkazamiz», deyiladi qo‘mita saytida e'lon qilingan bayonotda.

Washington Post nashri tasdiqlashicha, 2017 yili Hamburgda «Katta yigirmatalik» sammiti doirasida Putin bilan uchrashuvidan keyin Tramp tarjimondan muzokaralar vaqtiga oid yozuvlarni olib qo‘ygan va undan bu suhbat mazmuni bo‘yicha hatto Oq uyda ham axborot bermaslikni so‘ragan.

O‘sha uchrashuvdan keyin yuqori martabali amaldorlar muzokaralarning umumiy yakunlari bilan tanishishgan, ulardan ikki nafari to‘liq tafsilotlarni bilishni istashgan va tarjimonga yuzlanishgan. Shunda u Trampning taqiqi tufayli gapirishdan bosh tortgan.

Hamburgdagi uchrashuv vaqtida Tramp, Putin va tarjimonlardan tashqari amerikaliklardan yana bir necha kishi bo‘lgan. Ammo Tramp va Putin Hamburgda ziyofatdan keyin ham alohida uchrashishgan, bu uchrashuvda ularga faqat rossiyalik tarjimon hamrohlik qilgan.

Washington Post maqolasida qayd etilishicha, bu birinchi holat emas. Nashr ma'lumotiga ko‘ra, 2018 yilda Helsinkida Putin bilan muzokaralarga Tramp o‘zi bilan tarjimondan boshqa hech kimni olib ketmagan. Hatto Oq uyda hech kim bu uchrashuv stenogrammasi bilan tanish emas.