Hech kimga sir emaski, talabalik bu – o‘qish, muloqot va minimal darajadagi mablag‘. Yotoqxona uchun haq to‘lash yoki xonani ijaraga olish – qimmat. Yevropada ta'lim olsangiz, to‘lov yanada yuqori ekanligini aytmasa ham bo‘ladi. Kopengagenda talabalarni joylashtirish muammosini hal etishga qaror qilindi.

Urban Riggers kompaniyasining uddaburon arxitektor va dizaynerlari guruhi foydalanilgan transport konteynerlaridan yaratiladigan suzib yuruvchi yotoqxona loyihasini taqdim etdi.
Konteynerlardan avval foydalanilganiga qaramay, ular eski va kir yukxonalarni esga solmaydi. Mohir qo‘llar yordamida ular arzon va qulay turarjoylariga aylantirildi.



Ularda to‘laqonli hayot uchun barcha zaruriy sharoitlar mavjud: jihozlangan zamonaviy oshxona, bejirim yuvinish xonasi va shinam yotoqxona talabalarga xizmat qiladi.
Talabalar yotoqxonasi oltita konteynerdan iborat uchburchak shaklida joylashtirilgan modulli konstruksiyadan iborat. Inshoot konstruksiyasi umumiy ichki hovlida sayr qilish, yuqoridagi ayvonchada dam olish, kichik o‘lchamdagi qayiqlarda suzish, hatto maxsus hududda barbekyu tayyorlash imkonini ham beradi.
Modulli inshoot Kopengagenning markaziy qismi Eresunn bo‘g‘ozi suvlarida suzib yuradi. Bir oylik to‘lov 600 AQSh dollariga teng. Bunday narxda yoshlar shaharning chekka qismidan uyni ijaraga olishi mumkin.


















