Kun.uz'ga Andijon davlat tibbiyot institutining bir necha talabasidan murojaat kelib tushdi. Ularga ko‘ra, OTM rahbariyati yotoqxonadan tashqarida ijarada yashovchi barcha talabalarga noyabr uchun ijara summasining yarmi qoplab berilmasligini ma’lum qilgan.
Shuningdek, shu vaqtgacha berilgan arizalar tizimdan o‘chirib yuborilgani va dekabr uchun qayta ariza tashlanishi kerakligi aytilgan.
“Talabalarga yotoqxona yetmagani sababli ijara shartnoma asosida davlat tomonidan pul to‘lanadi, qachonki, uning barcha hujjatlari to‘g‘ri qilingan bo‘lsa. Ya’ni turgan xonadonidagi uy egasining roziligi asosida soliq tizimidan hujjat tayyorlanadi. Noyabr boshida biz kursdoshlar bilan bu hujjatni qildik va ariza topshirdik, arizamiz qabul qilindi.
Bu to‘lovni bizga oyning oxirida tushirib berishlari kerak edi. Ammo noyabr uchun pul berilmadi. 2 dekabr kuni ertalab guruhga xabar keldi: “noyabr uchun to‘lov bekor qilindi, ya’ni berilmaydigan bo‘libdi” degan. Shu kungacha qabul qilingan arizalarning barchasi bekor qilinibdi. Ya’ni sentabr, oktyabr. noyabrda qilingan hujjatlar barchasi bekor qilinibdi”, – deydi yuqori kurs talabalaridan biri.
“Ijara to‘lovlariga ota-onamga ko‘mak uchun noyabr oyida shartnoma qilgandim, afsuski, to‘satdan bermaymiz deb qolishdi. Tyutor xabarni yetkazdi. Biz endi yangitdan ariza topshirishimiz kerak ekan, o‘zi zo‘rg‘a, qiynalib, uyga qatnab, darsdan qolib arizani topshirib olgandim. Yana topshiringlar deyishyapti, nima qilishga hayronmiz”, – deydi boshqa bir talaba.
Yana bir talabaga ko‘ra, institut ma’muriyati noyabr pullari berilmasligining sababini tushuntirarkan, budjetdan mablag‘ ajratilmaganini aytgan.
“Biz sababini so‘rasak, noyabr uchun davlat pul bermaganini aytishdi. Lekin hech qaysi rasmiy kanalda davlat budjetidan ajratilmagani haqida gap eshitmadik. Biz qayerdan bilamiz davlat pul ajratmaganini yoki bu pullar ehtimol talon-toroj qilinganini?
Institutda ko‘plab muammolar bor, lekin shu kungacha ko‘pchilik aytmagan. Institutga norozi bo‘lib borsangiz, har doimgidek muammoni emas, uni aytganni yo‘qotishga qaratilgan javob keladi. Tushuntirish xati, darslarda shu talabani qasddan qiynash (“nb” qo‘yish, ataylab oraliq yakuniylardan qoldirish, joriy amaliy darslarda past ball qo‘yish) bo‘ladi”, – deydi u.
Talabalar boshqa OTMda emas, aynan Andijon davlat tibbiyot institutida shunday bekor qilinishlar bo‘layotgani ham shubhali ekanini bildirishdi.















