Jahon | 15:38 / 29.01.2019
9034
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh tomoni raketalar bo‘yicha bitimni qachon to‘xtatishi ma'lum qilindi

Foto: AP

AQSh 1987 yilgi O‘rta va kichik masofadagi raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi Rossiya bilan bitim bo‘yicha o‘z majburiyatlarini to‘xtatishni rejalashtirmoqda. Bu shu dam olish kunlari eng so‘nggi muddat tugaganidan keyin yuz beradi, deb xabar qilyapti Bloomberg agentligi Oq uydagi manbaga tayangan holda.

Agar Rossiya 9M729 sifatida mashhur bo‘lgan, yer ustida joylashtiriluvchi barcha qanotli raketalarni, shuningdek, tegishli uskunalar va uchirish qurilmalarini 2 fevralga qadar yo‘q qilmasa, unda AQSh O‘rta va kichik masofadagi raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi bitim bo‘yicha o‘z majburiyatlarini to‘xtatadi, deya ma'lum qilgan anonim manba.

Manba AQSh shu bilan bir vaqtda O‘rta va kichik masofadagi raketalar to‘g‘risidagi bitimdan butunlay chiqib ketishi haqida bayonot berishiga oydinlik kiritmagan. Agentlik qayd etishicha, AQShning O‘rta va kichik masofadagi raketalarni yo‘q qilish to‘g‘risidagi bitimdan to‘liq chiqishi olti oy davom etishi mumkin. NATO rasmiy shaxslari bunga tayyor, deyiladi materialda.

AQSh va NATO Rossiyani O‘rta va kichik masofadagi raketalar to‘g‘risidagi bitimni buzganlikda ayblamoqda - 9M729 raketa tizimi uning shartlariga zid ekani aytiladi. Rossiyaning iddao etishicha, ushbu raketa masofasi 500 kilometrdan oshmaydi, bitim shartlari esa buzilmagan. 4 dekabr kuni AQSh agar Rossiya 60 kun ichida uni bajarishga qaytmasa, bitimdan chiqishi haqida ma'lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQShning raketa bitimidan chiqish muddati ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid