O‘zbekiston | 13:40 / 01.02.2019
21756
3 daqiqa o‘qiladi

Metroda poyezdlar harakatining sekinlashuvi Tashkent City qurilishi bilan bog‘liqmi?

Foto: KUN.UZ

Bir necha oydirki, Toshkent metrosi Chilonzor yo‘nalishidagi «Xalqlar Do‘stligi» va «Paxtakor» bekatlari o‘rtasida poyezdlar harakatining sekinlashishi kuzatilmoqda, deya xabar beradi Kun.uz muxbiri.

2018 yil sentabr oyi boshlarida poytaxt hokimligi ushbu uchastkada shpallar (relslarning tagiga yotqiziladigan yog‘och yoki temir-beton to‘sin - tah.) va relslar almashtirilayotganini ma'lum qilgandi.

«Poyezdlar harakatlanishining sekinlashuvi shpallar va relslarni yangilashdagi texnik reglamentlarga bog‘liq. Poyezd tezligini pasaytirish yo‘l materiallarini «silliqlash» uchun talab qilinadi. Metro sostavlarining sekinlashishi 5 kundan 10 kungacha davom etadi, yo‘lovchilarning bezovta bo‘lishiga hech qanday sabab yo‘q», - degandi o‘shanda «Toshkentmetropoliteni» DUK harakatlanish xizmati boshlig‘i Sulton Qodirov.

Biroq, oradan 5 oy muddat o‘tdi hamki, «Xalklar Do‘stligi» va «Paxtakor» bekatlari orasidagi uchastkada poyezdlar harakatining pasayishi hamon kuzatilmoqda.

Tashkent City ma'muriyatidan ma'lum qilishlaricha, metro ustida hech qanday binolar qurilmayapti.

Ammo, sekinlashuvning sababi vibratsiya (tebranish) ham bo‘lishi mumkin. Umuman olganda, poytaxt metropoliteni xodimlari poyezdlar harakati sababli yuzaga keluvchi tebranishlarni kamaytirishga harakat qilmoqdalar.

Rossiyalik tadqiqotchilar Ilya Tsukernikov va Vladimir Smirnovning so‘zlariga ko‘ra, past joylashmadagi metropoliten yo‘nalishlari tuproq bo‘ylab va metropoliten texnik zonasida joylashgan binolar poydevoriga tarqaladigan kuchli tebranishlar manbasi hisoblanadi. Keyinchalik bu tebranish ta'siri ko‘tarib turuvchi konstruksiyalarga tarqaladi va, ham binolar texnik holati, ham undagi odamlarning sanitariya-gigiyena sharoitlariga ta'sir qiluvchi, devorlar va tomlar tebranishiga olib keladi.

Amalda tebranishlarni kamaytirish uchun tebranishni yo‘qotuvchi rels qisqichlar, past tebranishli yoki tebranishni yutuvchi materialga ega relsosti asosning turli ko‘rinishlari qo‘llaniladi. 

Mavzuga oid