2019 yilning yanvar oyida mamlakat iste'mol bozoridagi tovarlar va xizmatlar narxi o‘rtacha 1,5%ga oshdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.

 Oy davomida mahsulotlar narxi 1,8%ga, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 2,8%, nooziq-ovqat mahsulotlari 0,5%ga oshdi. Xizmatlar narxi esa 0,5%ga o‘sdi. 

Oy davomidagi narxlar o‘zgarishining tuzilmasi tahliliga ko‘ra, 2019 yilning yanvar oyida har bir yirik guruhning salmoq vaznlarini hisobga olgan holda, ta'sir darajasi bo‘yicha ustunlik oziq-ovqat mahsulotlari guruhiga tegishlidir 

Asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlaridan narxlarining o‘sishi borasidagi yetakchilik meva-sabzavot mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri kelib, bu esa narxlarning oy davomida o‘rtacha 8,3 %ga qimmatlashganligini ko‘rsatadi

Quyida alohida guruhlar bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlarining iste'mol narxlari indeksi taqdim etilgan:

2019 yil yanvar oyida ham asosiy turdagi non mahsulotlari narxlari qimmatlashishda davom etdi: un, non va non mahsulotlari, guruch, yorma va dukkakli mahsulotlar narxlari oy davomida 0,2% dan 3,7% oralig‘ida qimmatlashdi.

Ma'lumot uchun: guruch narxlari yanvar oyida sezilarli darajada Farg‘ona viloyati (4,7%) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (4,5%), minimal darajada esa Namangan viloyatida (1,1%) oshgan.

Oy davomida bug‘doy uni narxlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi (6,9%) va Surxondaryo viloyatida (5,5%) sezilarli darajada qimmatlashganligi kuzatilgan bo‘lsa, minimal sur'atda oshganligi esa Xorazm viloyatida qayd etilgan (0,6%). Andijon, Buxoro, Navoiy, Namangan, Samarqand va Farg‘ona viloyatlaridagi narxlar oy davomida o‘zgarishsiz qolgan.

Oliy navli bug‘doy unidan non narxlari uch hududda oshgan: bular, Qoraqalpog‘iston Respublikasi (13,3%), Surxondaryo viloyati (9,6%) va Toshkent shahrida (13,1%). 

1-navli bug‘doy unidan non narxlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida (1,2%), Surxondaryo (6,6%) va Farg‘ona (5,0%) viloyatlarida qimmatlashgan.