Dam olish kunlarida Yevropa chempionatlarida navbatdagi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi. «Tribuna» shanba va yakshanba kunlarining asosiy uchrashuvlari anonsini taqdim etadi.

BARSeLONA – VALeNSIYa (2 fevral, 22:30)

Ispaniyada, agar «Barselona»ning ishonchli seriyasini ham e'tiborga olsak, chempionlik intrigasi qolmadi hisob. Kataloniyaliklar La Ligada oxirgi marta 11 noyabr kuni mag‘lubiyatga uchrashgan. Ispaniya Kubogida esa Valverde jamoasi javob o‘yinida talofatni bartaraf eta olishmoqda. Sevilyadagi 0:2 hisobidagi omadsiz o‘yin «Kamp Nou»dagi 6:1 hisobi bilan mantiqiy yakun topdi. Ayniqsa, so‘nggi nuqtani qo‘ygan Messining goli rosa tomosha qilishga arziydi, ko‘rmagan bo‘lsangiz, ko‘rib oling.

Aynan mana shunday o‘yinlar va gollar tufayli biz «Barselona»ni tomosha qilaveramiz, Bu safar raqib – «Valensiya», o‘z tarixiga ega, uzoqqa bormaylik, jamoa shu yili ham Chempionlar Ligasida qatnashdi. Valensiyaliklar juda yaxshi kayfiyatda Barselonaga tashrif buyurmoqda. «Ko‘rshapalaklar»ning Ispaniya kubogidagi so‘nggi bahsi yanada dramatik kechdi.

Marselino shogirdlari «Xetafe»ga safar o‘yinida 0:1 hisobida yutqazishgandi. Javob o‘yinida esa, ilk soniyalaridayoq gol o‘tkazib yuborishdi. Endi «Valensiya»dan uchta gol urish talab etilardi. 61-daqiqada Rodrigo hisobni tenglashtirdi. Keyin esa, hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda Rodrigo yana ikkita gol urib, jamoasi g‘alabasini ta'minladi.

«Barselona» bilan o‘yinga qaytadigan bo‘lsak, 2016 yilning aprelida «Valensiya» «Kamp Nou»da g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqandi. Shundan beri 7 o‘yinda «Valensiya» g‘alaba qozona olmay kelyapti, faqat «Mestalya»da ikki bor durang qayd etildi, xolos. Jami bo‘lib, oxirgi 20 o‘yinning 12tasida «Barselona»ning qo‘li baland kelgan. Shuningdek, kataloniyaliklarning bugungi ustozi Ernesto Valverdening ham murabbiy sifatida «Valensiya»ga qarshi shaxsiy seriyasi bor – 9 mag‘lubiyatsiz o‘yin.

Tarkiblar borasida jarohat olgan Usmon Dembeledan tashqari, diskvalifikatsiya tufayli Serxio Buskets ham jamoasiga yordam bera olmaydi. «Valensiya»da esa, ahvol ancha og‘irroq. Ezikiyel Garay, Fransis Koklen, Jofri Kondogbiya, Xaver Ximenes – barchasi asosiy tarkib o‘yinchilari va ular Marselinoga bugun yordam bera olishmaydi. Gonsalo Guedesh mashg‘ulotlarga qaytgan bo‘lsa ham, hali qanday holatda ekani ma'lum emas.

LeSTeR – MANCheSTeR YuNAYTeD (3 fevral, 19:05)