Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish borasidagi arizalari va shikoyatlarini ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.
Nizomga ko‘ra, ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda yuzaga keladigan nizolarni sudgacha hal qilish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonalari huzurida komissiyalar tashkil etiladi, yuridik va jismoniy shaxslar Komissiyalarning xulosalaridan norozi bo‘lgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi huzurida Apellyatsion komissiyasi tashkil etiladi.
Komissiyaga har qanday manfaatdor jismoniy va yuridik shaxslar o‘zlarining ko‘chmas mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sohasida buzilgan yoki nizoli bo‘lgan huquqlari yoxud qonuniy manfaatlarini himoya qilish uchun murojaat etish huquqiga ega.
Har bir jismoniy yoki yuridik shaxs ro‘yxatga oluvchining harakatlari yoki harakatsizligi uning huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzsa, uning bunday harakatlari yoki harakatsizligi ustidan sud organlariga yoki Komissiyaga shikoyat berish huquqiga ega.
Sud organlariga murojaat qilgan taqdirda jismoniy yoki yuridik shaxs komissiyaga yoki apellyatsion komissiyasiga murojaat qilish huquqidan mahrum bo‘ladi.
Komissiya tomonidan vakolatli organlarning huquqni belgilovchi hujjatlar berilishining (qabul qilinishining) qonuniyligi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqilmaydi, ular qonun hujjatlarda belgilangan tartibda hal etiladi.
Quyidagilar Komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
murojaatni va ro‘yxatga oluvchining ko‘chmas mulk obektiga bo‘lgan huquqni ro‘yxatga olish (rad etish) haqidagi qarorini o‘rganish;
murojaatlarni ko‘rib chiqishda komissiya a'zolari tomonidan tegishli ko‘chmas mulk obektini joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlarini tashkil etish;
ko‘chmas mulk obektiga bo‘lgan huquqni yoki boshqa ashyoviy huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish (rad etish) uchun asos mavjudligini, uning jismoniy yoki yuridik shaxsga o‘tkazilishining qonuniyligini aniqlash;

















