O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” yillik hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. 

Hujjat bilan Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi va Bosh prokuraturaning 2020 yil 1 yanvardan boshlab Toshkent shahrida eksperiment tariqasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy etish haqidagi takliflari ma'qullandi:

shaharsozlik faoliyati obektini qurishni loyihalashtirish uchun me'moriy-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish yer uchastkasini “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida auksion orqali realizatsiya qilish uchun materiallar tayyorlanayotganda amalga oshiriladi va auksion g‘olibiga bepul asosda beriladi;

me'moriy-rejalashtirish topshirig‘ini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarning qiymati mahalliy budjet mablag‘laridan, keyinchalik xarajatlarni yer uchastkasini “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida auksion orqali realizatsiya qilishdan kelib tushgan mablag‘lardan qoplash orqali to‘lanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq qurilish sohasidagi qator tizimli muammolar ma'lum qilingandi.