Kun.uz tahririyatiga Qashqadaryo viloyati Qarshi shahridan qiziq murojaat kelib tushdi. Unda murojaatchi qurilishi uchun milliardlab kredit olingan istirohat bog‘i qurilishi oxiriga yetkazilishida sun'iy to‘siqlar paydo bo‘lgani va prezidentga taqdim qilingan loyiha maydonining bir qismi ayrim mansabdor shaxslar tomonidan olib qo‘yilayotganini bayon etgandi. Muammoni joyiga borib o‘rgandik.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

Yodingizda bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan yaqindan tanishish, xalq bilan muloqot qilish maqsadida 2017 yilning 24-25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurgandi. 

Tashrif davomida Qashqadaryo viloyati hududida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan bir necha loyiha prezidentga taqdim qilingandi. Shunday loyihalardan biri Qarshi shahrida qurilishi ko‘zda tutilgan «Alisher Navoiy» nomidagi istirohat bog‘i bo‘lib, loyiha «ASINZA-BZ» mas'uliyati cheklangan jamiyati rahbari Baxtiyor Jo‘rayev tomonidan davlat rahbariga namoyish etilgandi.

Baxtiyor Jo‘rayev

Jamiyat rahbari loyiha deyarli tugatilgani, biroq bog‘ avtoturargoh maydonining bir qismi ba'zi mansabdor shaxslar tomonidan olib qo‘yilgani haqida gapirdi.

 «Prezidentimizning 2017 yildagi Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida mazkur istirohat bog‘i loyihasini taqdim qilgandik. Prezident kerakli ko‘rsatmalarni berib ishimizga rivoj tilagandi. Biroq, hozirgi kunda mazkur bog‘ga kirish qismida qurilayotgan avtoturargoh maydonining bir qismi olib qo‘yilmoqda.