ATALANTA - MILAN (17 fevralga o‘tar kechasi, 00:30)

Italiyada ajoyib formaga kirib olgan va juda yaxshi seriya qayd qilayotgan ikki jamoaning to‘qnashuvi juda qiziq bo‘lsa kerak. Buning ustiga, «Milan» va «Atalanta» mos ravishda 39 va 38 tadan ochko to‘plab, to‘rtinchi va beshinchi o‘rinni band qilib turishibdi. Ya'ni, Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashda ham bu o‘yin natijasi muhim ahamiyat kasb etadi.

«Milan»ning yangi hujumchisi Kshishtof Pyontek o‘zini ko‘rsatishni boshlab yubordi. Dastlab, «Napoli»ga qarshi kubok o‘yinida debyut qilib, dubl qayd etgan polshalik forvard A Seriyada keyingi ikki o‘yinda ham maydonni golsiz tark etmadi. «Milan» esa, oxirgi 9 o‘yindan atigi bir marta, u ham bo‘lsa, «Yuventus» bilan o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi xolos.

«Atalanta»ning yurishi undan ham salmoqliroq. Bergamoliklar sakkiz o‘yindan buyon mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelishmoqda. Bu o‘yinlar ichida «Yuventus» va «Roma» bilan jangovor duranglar, 5:0, 6:2 hisobidagi chiroyli g‘alabalar va kubok o‘yinida turinliklar ustidan yirik hisobdagi zafar ham bor. Jamoa hujumchisi Duvan Sapata esa, oxirgi 12 o‘yinda, barcha musobaqalarda, 18 gol urishga muvaffaq bo‘ldi va shu davrdagi Yevropaning eng sermahsul o‘yinchisi bo‘lib turibdi. Bu o‘yinlarda Sapala ikki marta het-trik va bir pokerga erishdi.

«Atalanta» A Seriyada 50 gol urishga erishgan – bu ham chempionatdagi eng yaxshi ko‘rsatkichdir. «Milan» bilan o‘zaro o‘yinlarda ham hozirda «Atalanta»ning natijalari yuqori – oxirgi 7 o‘yinda milanliklar biror marta ham g‘alaba qozona olishmagan.

Xullas, o‘yin mazmuni jihatidan ham, turnir jadvaliga bo‘lgan ta'siri, umuman jamoalarning bugungi holati, qahramonlar jihatidan ham tomosha qilishga arzigulik o‘yin bo‘lishiga shubha yo‘q. 

BARSeLONA – VALYaDOLID (17 fevralga o‘tar kechasi, 00:45)

Go‘yoki, bir tekisda, barcha masalalarda aniq javoblar bilan davom etayotgan La Ligaga intriga qaytdi. «Barselona» qatorasiga ikki o‘yinda ochko yo‘qotdi va endi, kataloniyaliklarning «Real» bilan o‘rtadagi farqi atigi 6 ochkoni tashkil qilmoqda.