16:13 / 19.02.2019
9299

O‘zbekiston paxta tolasi eksportini 4 yilda qariyb 22 barobarga kamaytirdi

Foto: O‘zpaxtasanoat

O‘zbekiston paxta tolasi sotishni kamaytirishda davom etmoqda. Bundan Davlat statistika qo‘mitasi ma'lumotlari darak beryapti.

Yanvar oyida 3,1 mln dollarlik 1,6 ming tonna paxta tolasi eksport qilindi. Taqqoslash uchun, 2016 yil yanvar oyida mos ravishda 49,4 mln dollarlik 34,6 ming tonna edi.

Ushbu vaqt ichida paxta tolasining eksport umumiy hajmidagi ulushi 8 foizdan 0,2 foizgacha kamaydi.

O‘nlab yillar davomida O‘zbekiston paxta tolasining asosiy yetkazib beruvchilardan biri bo‘lib kelgan, lekin so‘nggi yillarda bu o‘zgarishni boshladi.

Kutilishicha, 2020 yilga kelib paxta mahalliy darajada to‘liq qayta ishlanadi. Buni paxta to‘qimachilik klasterlarini tashkil qilish orqali amalga oshirish rejalashtirilgan.

«Endi biz xorijga kamroq paxta eksport qilamiz, uni mamlakatimizda qayta ishlaymiz va qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni ishlab chiqaramiz», - degandi prezident Shavkat Mirziyoyev 2018 yil mart oyida.

Shu bilan birga, to‘qimachilik mahsuloti eksporti ham oshdi. Yanvar oyida bu ko‘rsatkich 107,5 mln dollarni tashkil etdi va o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,7 foizga oshdi. Bu yerda asosiy ulush paxtadan yigirilgan ipga (60,2%) tegishli, tayyor mahsulotlar 20,7%ni tashkil etadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston avtomobillar eksportini asta-sekin qayta tiklayotgani xabar qilingandi.

Top