15:04 / 20.02.2019
5886

KXLga arab klubi ham qo‘shilishi, Ovechkin va Malkin shu jamoaga o‘tishi mumkin

Foto: USA Today

BAA xokkey klublaridan biri 2021 yilda Kontinental xokkey ligasiga kiritilishi, unga Aleksandr Ovechkin va Yevgeniy Malkin kabi taniqli sportchilar jalb etilishi mumkin. Bu haqda Amirlik xokkey ligasi (EHL) rahbari, rossiyalik biznesmen Vladimir Burdun ma'lum qildi.

«KXL bilan gaplashdimmi? Ochig‘ini aytaman, hali uchrashganimiz yo‘q. Negaligini tushuntirsam, KXL bilan muzokara o‘tkazishdan oldin biz o‘zimiz AXLning ichida tartib o‘rnatib olishimiz kerak.

Klubni Dubayning «Las-Vegas Nayts»iga aylantirish biz uchun qiyin ish emas. KXL bilan kelishib olsak, Milliy xokkey ligasi (NHL)ning sobiq yulduzlaridan jamoa tuzishimiz aniq va u juda tez orada natija keltira boshlaydi.

BAAda Datsyuk va Mozyakin darajasidagi futbolchilar o‘ynaydimi? O‘ylashimcha, ular bizning jamoada bemalol o‘ynay olishadi. Biz kelgusida NHL’dan qaytadigan Aleksandr Ovechkin va Yevgeniy Malkinni ham kuzatyapmiz. Ular bilan gaplashib, bitim shartlarini muhokama qilib olishga tayyormiz.

Ishonchim komilki, NHL’da o‘ynagan rossiyaliklarning ko‘pi katta mamnuniyat bilan Dubayga kelishadi, bu yerda hayot darajasi umuman boshqacha.

Jamoalarning nomlanishi? Bir nechta variantlarni ko‘rib chiqyapmiz. Bizga qarashli «Kuchli tuyalar» jamoasi bor, BAAda xokkey 1994 yilda shu klub bilan boshlangan. Ehtimol, aynan u KXL tarkibiga kirar. Bu 2021 yildayoq amalga oshishiga umid qilyapman. Boshqa yo‘ldan ketishimiz ham mumkin, bizda bir nechta variantlar bor», – degan Burdunning so‘zlarini keltirmoqda «R-Sport».

Ma'lumot uchun, Kontinental xokkey ligasi – Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Xitoy, Latviya, Slovakiya va Finlyandiya klublarini birlashtirgan chempionat bo‘lib, uning 2018/19 mavsumida sanab o‘tilgan davlatlardan jami 25ta jamoa qatnashmoqda.

Eslatib o‘tamiz. keyingi vaqtlarda O‘zbekistonda ham xokkeyni rivojlantirish harakatlari jonlangan. 2018 yilda xokkey federatsiyasi tashkil etildi, shu yil fevral oyidan boshlab 4ta klub ishtirokida birinchi O‘zbekiston chempionati boshlandi.

O‘tgan hafta O‘zbekiston xokkey federatsiyasiga a'zo bo‘lish uchun ariza berishi ma'lum bo‘lgandi. Kecha, 19 fevralda O‘XF prezidenti Baxtiyor Fozilov Moskvada Kontinental xokkey ligasi boshqaruvi raisi Dmitriy Chernishenko bilan uchrashdi.

Top