Sport | 09:00 / 24.02.2019
9854
3 daqiqa o‘qiladi

Messi het-triklar soni bo‘yicha Ronalduni ta'qib qilmoqda, «Oltin butsa» uchun poygada esa peshqadam

Foto: Getty Images

«Barselona» hujumchisi Lionel Messi La Liga 25-turidan o‘rin olgan «Sevilya»ga qarshi o‘yinda uchta gol urdi va jamoasiga muhim g‘alabani keltirdi. Bu Leoning faoliyatidagi 50-het-trigi bo‘ldi.

Argentinalik megayulduz La Liga bahslarida 32 marta raqiblar darvozasiga uchta gol urgan. Messining het-trigidan eng ko‘p (4 martadan) «Sevilya» va «Valensiya» «jabr ko‘rgan». «Atletiko», «Osasuna» va «Deportivo» darvozalariga Leo uch martadan het-trik yo‘llagan.

Messi het-triklar borasida zamonaviy futbolning yana bir afsonasi Krishtianu Ronaldudangina ortda qolmoqda. Ronalduning hisobida 51 ta het-trik bor.

Futbolchi ushbu o‘yinning 26-daqiqasida hisobni ochish orqali 26-marta «Sevilya» darvozasini ishg‘ol qildi – bu La Liga doirasidagi bir jamoa darvozasiga urilgan gollar rekordidir. Avvalroq Messi va Krishtianu Ronaldu hisobida «Sevilya» darvozasiga urilgan 25ta gol bor edi.

 Messi «Oltin butsa» uchun poygada peshqadamlik qilishda davom etmoqda. Primeraning 25-turida «Sevileya»ga qarshi safarda kechgan o‘yinda (4:2) argentinalik futbolchi het-trik muallifi bo‘ldi.

Messi Ispaniya chempionatining joriy mavsumida jamoasining 23 o‘yinida 25ta gol urgan.

«Barselona» yetakchisining «Oltin butsa» uchun asosiy raqobatchisi «PSJ» hujumchisi Kilian Mbappe bo‘lib, u Fransiya chempionatida 20 o‘yinda 22 golga mualliflik qilgan. Uchinchi o‘rinda esa Italiya A Seriyasida 24 o‘yinda 19 bor raqiblar darvozabonini ranjitgan «Yuventus» hujumchisi Krishtianu Ronaldu bormoqda.

«Oltin butsa» uchun poyga

1. Lionel Messi («Barselona») — 25 gol

2. Kilian Mbappe («PSJ») — 22

3. Krishtianu Ronaldu («Yuventus») — 19

4. Kshishtof Pyontek («Milan») — 18

5. Edinson Kavani («PSJ») — 17

6. Muhammad Saloh («Liverpul») — 17

7. Serxio Aguero («Manchester Siti») — 17

8. Fabio Kvalyarella («Sampdoriya») — 16

9. Duvan Sapata («Atalanta») — 16

10. Nikolya Pepe («Lill») — 16

11. Luis Suares («Barselona») — 16

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid