Bozor — yurt ko‘rki. Bu yerning obod va ko‘rkamligi, savdo-sotiqning tartibli amalga oshirilishi shu yerda faoliyat olib borayotgan bozor ma'muriyati va tadbirkorlarning dididan dalolat beradi. Bu borada mutasaddilar o‘zibo‘larchilik qabilida ish tutsa, bozorda tartibsizlik avj oladi. Afsuski, bunday holat Jizzax shahri markazidagi «Jizzax markaziy dehqon bozori» AJda odatiy holga aylangan. Jizzaxliklar tilida «Ko‘k bozor» nomi bilan ataluvchi ushbu maskan faqatgina yuqoridan biror tekshiruvchi kelgan kunlari tartibga solinadi.


Bozor atrofidagi avtoulovlarning doimiy tirbandligi-yu yo‘laklar bo‘ylab tartibsiz joylashib olgan «yoyma tijoratchilar» kabi xunuk holatlar hech kimni ajablantirmay qo‘yganiga ancha bo‘lgan. Manzilga munosib ega yo‘qligidan mutasaddi tashkilotlarning bozor ma'muriyati bilan birgalikda faoliyat olib bormayotgani, bir-birlariga tashlab qo‘yishlari oqibatida yo‘llarda va yo‘laklarda tirbandliklar va tartibbuzarliklar avjiga chiqqan. Haydovchilar istagan joyidan mashinani burib olishi, taqiqlangan joyga mashina qo‘yishi, qatnov joyida yo‘lovchi tushirish va olishini aytmasa ham bo‘laveradi.

Kun.uz tahririyatiga bozorda savdo qiluvchi bir guruh tadbirkorlar nomidan murojaat kelib tushdi. Murojaat mazmuniga ko‘ra, bir haftadan beri bozorda elektr energiyasi yo‘qligi oqibatida go‘sht va go‘sht mahsulotlari bilan savdo qilinuvchi pavilonlarda jiddiy muammo yuzaga kelgan. Mahsulotlar saqlanadigan muzlatkichlar ishlamay qolgach, go‘sht mahsulotlari yaroqsizga chiqmoqda va tadbirkorlar har kuni zarar ko‘rishmoqda.


«Olti kundan beri bozorda elektr energiyasi tarmoqdan uzilgan. Dardimizni kimga aytishni bilmaymiz. Mana, kecha 98 kg mahsulotimiz yaroqsiz holga kelgani uchun shunchaki tashlab yubordik. Zararga ishlayapmiz. Hamkorlarimiz, mijozlarimiz mahsulotlarimizni qaytarib olib kelib berishyapti. To‘g‘ri-da, hamma ham peshona teri evaziga topgan puliga sifatli mahsulot olishni istaydi. Hidlanib, yaroqsiz holga kelgan go‘sht kimga kerak?! Muzlatkichlarimiz ishlamaydi, ba'zi savdo do‘konlariga ijara haqi to‘lab muzlatkichlaridan foydalanyapmiz. Ular ham uch kunga ruxsat berishdi. Noiloj, avtoulov yollab tonna-tonna mahsulotni uyga olib ketamiz. Uyda ham shu holat, kunora elektr uch-to‘rt soatlab o‘chadi... Bizni ham kimdir eshitadimi?», – deydi Dilfuza Hamdamova.































