Superliganing 2019 yilgi mavsumida 14ta klub ishtirok etadi. O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi Lisenziyalash qo‘mitasi “Surxon” hamda “Dinamo” klublariga shartli ravishda Superliga yo‘llanmasini taqdim etdi, deb ma'lum qilindi O‘FA rasmiy saytida.
«O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati hududlarda futbolni rivojlantirish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatayotgan viloyat hokimlarini qadrlaydi. Bungacha Namangan viloyati hokimi Xayrulla Bozorov, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov kabilar viloyat futbolini rivojlantirish yo‘lida katta hajmdagi ishlarni amalga oshirayotgandi. Ortda qolgan bir necha oy davomida esa Surxondaryo va Samarqand viloyatlari hokimlari ham O‘FA bilan to‘laqonli hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirishdi», – deyiladi rasmiy xabarda.
Qayd etilishicha, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Umid Ahmadjonov mazkur qarorni quyidagicha izohlagan:
«Surxondaryo viloyati bir necha yillar davomida katta futboldan uzoqda qoldi. Erkinjon Turdimov mazkur viloyatga rahbar etib tayinlangach, viloyat futbolida ijobiy o‘zgarishlar kuzatila boshlandi. Ayni vaqtda «Surxon» futbol klubi Lisenziyalash qo‘mitasi ilgari surgan barcha talablarni bajardi. Viloyatdagi bosh stadionni ta'mirlashda ayni vaqtdagi hokim Bahodir Po‘latov ham o‘z yordamini ayayotgani yo‘q. Erkinjon Turdimovning o‘zi esa endilikda Samarqand viloyatida futbolni ko‘tarish ishlarini boshlab yubordi. Mazkur ishlar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining e'tiboridan chetda qolmaydi. Shuningdek, har ikki viloyatda millionlab futbol muxlislari katta futbolni sog‘inib qolgani uchun ham «Dinamo» va «Surxon»ga shartli ravishda Superliga yo‘llanmasini taqdim etish bo‘yicha qaror qabul qilindi», – degan Umid Ahmadjonov.
Bungacha Professional futbol ligasi 12ta klub ishtirok etishi uchun mo‘ljallangan format va reglamentni taqdim etib ulgurgandi. Keyinroq bu masala Lisenziyalash qo‘mitasi va O‘FA Ijroqo‘mi a'zolari o‘rtasida tahlil qilingan.
«Unda qator fikrlar bildirildi, jamoalar sonining oshishi munozaralarga sabab bo‘ldi. Yakunda O‘FA Ijroqo‘mi Professional futbol ligasiga yangi talab bo‘yicha ayrim bandlari o‘zgartirilgan reglamentni tasdiqdan o‘tkazish uchun bir hafta muhlat belgiladi. Qo‘shimchasiga, bugun — 25 fevral kuni bo‘lib o‘tadigan Superliganing 2019 yilgi mavsumi uchun qur'a tashlash marosimida «Surxon» va «Dinamo» vakillari ham ishtirok etishiga ruxsat berdi», – deya ta'kidlangan rasmiy bildirishda.

Umid Ahmadjonov bu o‘zgarishdan ko‘zlangan maqsadni quyidagicha tushuntirgan:

















