Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Turizm sohasida kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchilarga malaka toifasini joriy etish va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish maqsadida “Gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchilarga malaka sertifikatlarini berish to‘g‘risidagi Nizom” tasdiqlanishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda turizm xizmatlari sohasida kadrlar tayyorlash uchun mutaxassisliklar ro‘yxatini kengaytirish, kadrlar tayyorlash bo‘yicha oliy va o‘rta maxsus ta'lim tizimi o‘quv rejalarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

Nizomga ko‘ra, malaka sertifikati jismoniy shaxsga quyidagi hollarda O‘zbekiston Respublikasi hududida gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchi xizmatlarini ko‘rsatish huquqini beradi:

yuridik shaxs shtatida bo‘lsa;

fuqarolik-huquqiy shartnoma asosida yuridik shaxs bilan ishlayotgan bo‘lsa;

yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lsa.

Malaka sertifikati talabgorga malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan beriladi.

Malaka imtihoni O‘zbekiston Respublikasi hududida gid, ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-kuzatuvchi xizmatlarini amalga oshirmoqchi bo‘lgan talabgorlarning bilim va ko‘nikmalarini tekshirish vositasi hisoblanadi.

Mazkur Nizomda belgilangan malakaviy talablarga javob beradigan talabgorlarga malaka imtihonni topshirishlariga ruxsat etiladi.

Malaka sertifikatini berish (rasmiylashtirish), amal qilish muddatini uzaytirish, qayta rasmiylashtirish hamda dublikat berish bo‘yicha mazkur Nizomda belgilangan miqdorda talabgordan yig‘im undiriladi.

Malaka imtihonini o‘tkazish va malaka sertifikatini berish Qo‘mita qoshidagi «Turizm o‘quv-konsalting markazi» Davlat unitar korxonasi tomonidan amalga oshiriladi.