«Lokomotiv» rahbariyati bugun, 27 fevral kuni O‘FA rasmiy saytida chop etilgan Samvel Babayan to‘g‘risidagi bayonot matni yuzasidan O‘FA matbuot xizmatiga e'tiroz bilan chiqdi.

Assotsiatsiya bayonoti quyidagi so‘zlar bilan tugagandi: «O‘FA bundan buyon Samvel Babayan O‘zbekistonning hech qaysi terma jamoasida faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘ymaydi. Qo‘shimchasiga, keyingi faoliyatini Samvel Babayansiz tasavvur qila olmagan «Lokomotiv» futbol klubining qaroriga ham qarshilik ko‘rsatmaydi».

«Bundan buyon Samvel Babayanning hech qaysi terma jamoada ishlashiga yo‘l qo‘ymasligi bu O‘FAning masalasi, bunga klub aralasha olmaydi. Lekin nima sababdan xabar «Qo‘shimchasiga, keyingi faoliyatini Samvel Babayansiz tasavvur qila olmagan “Lokomotiv” futbol klubining qaroriga ham qarshilik ko‘rsatmaydi», degan gap bilan tugagan, «Lokomotiv» PFK shunisiga hayron», – deyiladi «temiryo‘lchilar» bayonotida.

«Lokomotiv»ning rasmiy bildirishi quyidagicha davom etadi:

«Oxirgi gapda «Keyingi faoliyatini Samvel Babayansiz tasavvur qila olmagan «Lokomotiv» futbol klubining qaroriga…» degan joyini qanday tushunish kerak? Bu «Lokomotiv» Babayansiz o‘z faoliyatini tasavvur qila olmaydi, degan ma'noni beryaptimi? Ma'lumki, «Lokomotiv» futbol klubi shu paytgacha uch marta O‘zbekiston milliy chempionati, uch marta O‘zbekiston Kubogi hamda ikki bor O‘zbekiston Superkubogida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan va bularning birortasida Samvel Babayanning qo‘li bo‘lmagan.

Bundan ko‘rinib turibdiki, klub shu paytgacha Samvel Babayansiz ham o‘z maqsadi yo‘lida davom etgan va bugungi kunga kelib «Lokomotiv» PFK rahbariyati taklifiga binoan o‘zbek futbolidagi yetuk mutaxassislardan biri Samvel Vyacheslavovich klub rivojiga yanada hissa qo‘shsin, degan yaxshi niyatlar bilan klub prezidenti maslahatchisi lavozimiga qabul qilindi.

Gapning ochig‘i, xabar bilan tanishib chiqqan «Lokomotiv» PFK rahbariyatiga oxirgi jumla yoqmadi. «Lokomotiv» yaqqol bir kishining shaxsiy klubi emas. Bu «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJga tegishli tashkilot hisoblanadi hamda «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ homiyligi ostida turli musobaqalarda ishtirok etadi. Qolaversa «Lokomotiv» qaysidir shaxssiz tasavvur qilib bo‘lmaydigan klub ham emas. O‘tgan yillar ichida qancha odam ishlab ketdi, lekin poyezd mudom o‘z temiryo‘li ustida yurgani kabi «Lokomotiv» ham o‘zi tanlab olgan yo‘l bo‘yicha odimlashda davom etmoqda.