Hukumat qarori bilan Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni hisobga olish, davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash va taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Adliya vazirligi telegram kanalida yozilishicha, nizomga muvofiq uy joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlarni hisobga olish, navbatni belgilash hokimliklar va tasarrufida idoraviy uy-joy fondi bo‘lgan tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi.

Uy-joy maydonining ijtimoiy normasi bir kishiga 16 kvadrat metrdan, nogironlar uchun esa 23 kvadrat metrdan kam bo‘lmasligi lozim.

Quyidagilar uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj deb hisoblanadi:

• turar joyi bo‘lmagan yoki yashash uchun yaroqsiz uy-joylarda yashovchilar;

• har bir oila a'zosi uchun uy-joy maydonining ijtimoiy normasidan kam maydon to‘g‘ri keladiganlar;

• yotoqxonalarda, ishlab chiqarish va xizmat xonalarida yashovchilar;

• qarindoshlik aloqalari bo‘lmagan ikki va undan ortiq oila bir bo‘lib kvartirada yashovchilar;

• ayrim surunkali kasalliklarga chalinganlar;

• uy-joy ajratilayotgan aholi punktida kamida 3 yil yashayotgan fuqarolar.

Quyidagi fuqarolarga aniq maqsadli kommunal uy-joy fondidan turar joy beriladi:

• 1941-1945 yillardagi urush faxriylari va baynalminal jangchilar;

• shartnoma bo‘yicha harbiy xizmatdan zaxiraga bo‘shatilgan yoki iste'foga chiqqan harbiy xizmatchilar;

• og‘ir surunkali kasalliklarga chalinganlar;

• 16 yoshgacha yetti nafar va undan ziyod bolalari bo‘lgan oilalar;

• chin yetim bolalarni vasiylikka olgan oilalar;

• uch nafar va undan ko‘p mehnatga layoqatsiz oila a'zolari bo‘lgan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar;

• ishlamaydigan I va II guruh nogironlari;

• keksayib qolgan yolg‘iz pensionerlar;

• bolalikdan nogiron bo‘lib qolgan 16 yoshgacha yoki bolalikdan I va II guruh nogironi bo‘lib qolgan bolalari bor oilalar.