Sud-huquq sohasidagi liberallashtirish ishlari ommaviy axborot vositalarida ko‘p va xo‘p tilga olinmoqda. Aslida ushbu islohotlar – real voqelikmi? Yanada erkinliklar berish maqsadida qabul qilingan qonun va qarorlar amaliyotda ham o‘z so‘zini aytmoqdami? Bu savollarga javob olish maqsadida malakali huquqshunos, advokat Amirillo Ahmedov bilan suhbatlashdik.

Tas-IX

YouTube

Hozirgi kunda sud-huquq sohasida islohotlar olib borilmoqda deya Oliy sud va prokuratura organlari tomonidan ham ta'kidlanmoqda. Hozirgi kundagi liberalizatsiya asosan qay yo‘nalishda ketmoqda?

Ayni paytda sud-huquq tizimida liberalizatsiyaning maqsad-mezoni bu, shaxsning bilib-bilmay qilgan jinoyati bo‘ladimi, ijtimoiy ahvolini yaxshilash maqsadida yengilliklar berish deyish mumkin. Bu masala iqtisodiy jinoyatlar yo‘nalishida ko‘tarilmoqda. Oldingi qonunchiligimizga nazar tashlaydigan bo‘lsak, avvallari shaxs Jinoyat Kodeksining 167-moddasi, ya'ni o‘zlashtirish va rastrata qilish jinoyatini sodir qiladigan bo‘lsa, nafaqat ozodlikdan mahrum qilish, yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash masalasi, balki shu jarayonda uning mol-mulkini musodara qilish instituti ham bor edi. Demak, shaxs huquqbuzarlik sodir etgandan so‘ng, 3 ta holatda javobgarlik belgilanar edi. Shaxs o‘ziga nisbatan sodir qilayotgan jinoyatga nisbatan yetkazilgan zararni qoplaydigan bo‘lsa, unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan bog‘liq bo‘lmagan jazoni qo‘llash yoki u dastlabki tergovda qamoqda bo‘ladigan bo‘lsa, zararni to‘laganidan so‘ng qamoq ehtiyot chorasini qo‘llash olib tashlanishi ko‘plab sodir bo‘lmoqda. O‘ylaymanki, buning zamirida unga nisbatan sud-huquq tizimida yetkazilgan zararni qoplash evaziga ozodlikka chiqishi bilan holatlarini tushunishimiz mumkin. Bu nafaqat iqtisodiy jinoyatlarga qarshi jinoyatlarga, qolgan jinoyat turlariga nisbatan ham qo‘llanilmoqda. Vaholanki, ayrim jinoyatlarimiz jinoiy jazodan ma'muriy jazoga o‘tishi bu liberalizatsiyaning bir ko‘rinishidir. Lekin, alohida toifadagi jinoyatlar bu terrorizm, qasddan odam o‘ldirish kabi jinoyatlarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

Qolaversa, Jinoyat Kodeksning 184-moddasi (soliq va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash) bo‘yicha agar shaxs to‘lovlarni bajarsa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilish joriy qilindi. Bu ham o‘z navbatida tadbirkorlarimizni qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi. Buni biz ijobiy natijasini ko‘ryapmiz. Avvallari, tadbirkorga javobgarlik qat'iy belgilab qo‘yilar edi. Hozir qonun ogohlantirib, agar bartaraf etsang seni nafaqat jazodan, javobgarlikdan ozod qilishni aytmoqda. Bu degani u sudlanmaydi.