Sport | 17:40 / 04.03.2019
17955
2 daqiqa o‘qiladi

Murodjon Ahmadaliyev Shahram G‘iyosov bilan bir kunda ringga chiqadi

Professional boksning ikkinchi yarim yengil (-55,34 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan o‘zbekistonlik Murodjon Ahmadaliyev (5-0, 4 KO) aprel oyida o‘zining navbatdagi jangini o‘tkazadi. Bu haqda sportchi GoSport.uz nashriga ma'lum qilgan.

Ma'lum bo‘lishicha, Murodjon Ahmadaliyev 26 aprel kuni Kaliforniya shtatining Inglvud shahrida joylashgan mashhur kazino markazi Forum saroyida ringga ko‘tariladi. Hozircha unga kim raqiblik qilishi ma'lum emas.

Boks kechasining markaziy jangida Murodjon Ahmadaliyev jang qiladigan vaznning WBA chempionlik kamari sohibi amerikalik Daniel Roman (26-2-1, 10 KO) va IBF kamari egasi avstraliyalik Terens Doeni (21-0, 15 KO) kamarlarni birlashtiruvchi jangi ham aynan o‘sha kuni, o‘sha saroyda bo‘lib o‘tadi.

Mazkur jang g‘olibi 90 kun ichida aynan Murodjon Ahmadaliyevga qarshi majburiy jang o‘tkazishi lozim bo‘ladi. Shu tariqa, Ahmadaliyev yozda bir jang orqali WBA va IBF kamarlarini o‘ziniki qilishi mumkin bo‘ladi.

Inglvudda bo‘lib o‘tadigan mazkur boks oqshomida o‘zbekistonlik boshqa bir bokschi Shahram G‘iyosov (7-0, 6 KO) ham ringga ko‘tariladi.

Eslatib o‘tamiz, Murodjon Ahmadaliyev WBA Intercontinental chempionlik kamari sohibi sanaladi. U so‘nggi marta 2018 yil 24 noyabr kuni Ayzek Sarateni (16-4-3, 2KO) 9-raundda texnik nokaut evaziga mag‘lubiyatga uchratgandi. Shu jangdan so‘ng u reytingda birinchi o‘ringa ko‘tarilib olgan. Fevral oyidagi reytingda ham u birinchi o‘rinda ko‘rsatilgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid