O‘zbekiston | 09:23 / 05.03.2019
4437
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan tovarlarning ixtiyoriy ekologik markirovka qilish tizimi yaratiladi

Foto: Depositphotos

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan tovarlarning ixtiyoriy ekologik markirovka qilish tizimini yaratish to‘g‘risida”gi hujjat loyihasi joylashtirildi.

Qayd etilishicha, hujjat O‘zbekiston Respublikasining "Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi, "Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida" gi, "Ekologik nazorat to‘g‘risida"gi qonunlariga muvofiq va O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 3 oktyabrdagi “Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-3956-sonli qarori ijrosini ta'minlash, fuqarolarni tovarlar, xizmatlar, texnologik jarayonlarning xususiyatlaridan xabardorligini ta'minlash, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan tovarlar va xizmatlarning, ularning ekologik xavfsizligini kafolatlash hisobiga eksport hajmini oshirish uchun shart-sharoitlarni yaratish hamda bosqichma-bosqich ushbu sohadagi ISO 14000 (Xalqaro standartlashtirish tashkiloti) xalqaro standartiga o‘tish maqsadida qabul qilinishi mumkin.

Hujjat bilan ISO 14000 xalqaro standarti talablariga asoslangan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan tovarlarning ixtiyoriy ekologik markirovka qilish tizimini yaratish bo‘yicha;

ekologik xavfsizlik belgisi berilishi bilan O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan tovarlarning ixtiyoriy markirovka qilish mexanizmini joriy etish bo‘yicha takliflar ma'qullanishi mumkin.

Quyidagilar o‘rnatiladi:

tovarni ekologik markirovka qilish ekologik markirovka qilish bo‘yicha litsenziyaga ega organ tomonidan amalga oshiriladi;

ishlab chiqarishda atrof-muhitga, aholi salomatligiga va biologik resurslarga eng kam zararli ta'sir ko‘rsatadigan mahsulotlar ixtiyoriy ekologik markirovka qilish uchun obekt bo‘lib hisoblanadi;

mahsulotni ixtiyoriy ekologik markirovkalash sertifikatini olganlaridan so‘ng ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini "ekologik xavfsiz tovar" belgisi bilan markirovka qilishi mumkin;

tovarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash sertifikati bo‘lmagan hollarda nomlashda, qadoqlashda, tovarni yo‘llanma hujjatlarida va tovar reklamasida "organik", "eko", "bio" va shunga o‘xshash so‘zlar ishlatilishi taqiqlanadi;

dori vositalari, veterinariya preparatlari, tibbiy asboblar, davlat me'yorlari va standartlariga muvofiq zaharli, mutagen, kanserogen, atrof-muhit uchun xavfli deb tasniflangan moddalar, preparatlar va aralashmalar mavjud bo‘lgan mahsulotlar ixtiyoriy ekologik markirovkalashdan o‘tkazilmaydi.

Ixtiyoriy ekologik markirovka qilish sohasida ishlarni tashkil etishga vakolatli organ etib, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish Davlat qo‘mitasi belgilanadi va unga quyidagilar yuklatiladi:

ishlab chiqiladigan ekologik standartlar va ekologik mezonlarni tasdiqlash;

ixtiyoriy ekologik markirovka qilish tashkilotlariga litsenziya berish;

ixtiyoriy ekologik markirovka qilish tashkilotlari mutaxassislarini tayyorlash va malakasini oshirish hamda xorijiy mamlakatlar tajribalarini o‘rganish;

ISO 14000 xalqaro standartlari talablariga muvofiq ixtiyoriy ekologik markirovka qilish tizimini takomillashtirish.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid