O‘zbekiston | 12:17 / 07.03.2019
1722
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda O‘zbekiston - Avstriya hukumatlararo komissiyasi majlisi o‘tkaziladi

Foto: TIV axborot xizmati

2019 yilning 7 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Dilshod Axatov mamlakatga amaliy tashrif bilan kelgan Avstriya Respublikasi Yevropa, integratsiya va tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Yoxannes Peterlik bilan uchrashdi.

TIV xabariga ko‘ra, suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Avstriya aloqalari, shuningdek, xalqaro tuzilmalar doirasidagi hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari ko‘rib chiqilgan.

Uchrashuvda so‘nggi vaqtlarda kuzatilayotgan turli darajalardagi samarali ikki tomonlama aloqalarni faollashayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Davlatlararo aloqalarni izchil kengaytirish va chuqurlashtirish ikki mamlakatning uzoq muddatli manfaatlariga mos kelishi ta'kidlandi.

O‘zbekiston va Avstriya tashqi siyosat idoralari rahbarlari o‘rtasida 2018 yil 22 noyabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan muzokaralarning samarali yakunlari kelajakda hamkorlikni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash imkonini berdi.

Suhbat davomida 2019 yil aprel oyida Toshkent shahrida Savdo va iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston-Avstriya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisini o‘tkazish va uning doirasida biznes-forum tashkil etishga tayyorgarlik jarayoni ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda umumiy kun tartibidagi boshqa masalalar, mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan ham fikr almashilgan.

Muzokaralarda Avstriya elchisi Alois Kraut ishtirok etdi, deyiladi xabarda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid