Kun.uz saytida shu yilning 5 yanvar kuni «Xatirchi tuman hokimligi va tadbirkorlar o‘rtasidagi bir necha yillik muammo qachon yechim topadi?» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Unda huquqlari buzilayotgan xatirchilik 100ga yaqin tadbirkor va tuman hokimligi o‘rtasidagi nizoli vaziyat haqida jurnalistik surishtiruv natijalari bayon qilingandi.

O‘rganish davomida «Xatirchi dehqon bozori» MChJ hududida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar o‘z e'tirozlarini bayon qilishgandi.

«Ushbu bozor hududida shaxsiy do‘konlarimiz va kadastr hujjatlari bor edi. 2013 yil tuman hokimi bozorni qayta rekonstruksiya qilish maqsadida do‘konlarni buzdirdi. O‘z mablag‘larimiz hisobidan zamonaviy qilib qurdik. Barcha xarajatlarni o‘zimiz qildik. Qurib bitkazganimizdan so‘ng bizga tegishli hujjatlarni rasmiylashtirib bermasdan yangi qurilgan do‘konlarni bozor balansiga o‘tkazishdi. Endi o‘zimiz qurgan do‘kon uchun bizdan ijara puli talab qilishyapti. O‘sha vaqtda tuman hokimi pensiya uchun budjetdan pul yetmayapti, kim 50 million so‘mdan bank orqali budjetga pul kiritsa, o‘shalarga yerni va do‘konni beramiz, degandi. Tadbirkorlar shunchadan pul qo‘ydi. Bundan ortiq berganlar ham bo‘ldi. Qurilishni ham o‘z hisobimizdan qildik, aytgan pulini bankka qo‘ydik. Endi aytilgan va'dalar bajarilmayapti. Ijara va boshqa to‘lovlarni to‘lamasak, o‘zimiz qurgan do‘kondan chiqarib yuborishmoqchi. Bu masalada 100ga yaqin tadbirkorning boshi qotgan. Shuncha xarajat qilib, nega endi chiqib ketishimiz kerak? Qayerga murojaat qilsak ham besh yildan buyon bu nizoli muammo hal bo‘lmayapti. Tuman mutasaddilari hokimiyatni nohaq qilarmidi? Ular uchun hokimning aytgani aytgan, degani degan. Viloyat hokimligidan kelganlar esa yana tuman hokimiyatiga havola qilib ketadi. Biz tadbirkorlarning huquqini hech kim himoya qilmayapti», – deya e'tirozlarini bildirishgandi tadbirkorlar.

O‘rganish jarayonida qayta qurilishidan avval haqiqatan ham bozordagi do‘konlar kadastr hujjatlariga ega bo‘lgani, mulk egasi sifatida tadbirkorlarning nomlari ko‘rsatilgani, Xatirchi tumani hokimi va'dasi bilan tadbirkorlar do‘konlarini buzib, o‘z mablag‘lari hisobidan zamonaviy ko‘rinishda qurishgani, ammo qurilish ishlari yakuniga yetganidan keyin do‘konlarning barchasi bozor balansiga olingani ma'lum bo‘lgandi.