Sport | 12:38 / 11.03.2019
14619
4 daqiqa o‘qiladi

«Navbahor» - «Qo‘qon-1912» o‘yini nega aynan Toshkentga ko‘chirilgandi?

10 mart kuni O‘zbekiston Superligasi 1-turidan o‘rin olgan «Navbahor» hamda «Qo‘qon-1912» o‘yini Toshkentda o‘tkazildi. Chunki Namangandagi stadion mavsumga tayyor emasdi. Avvaliga vodiyning ikki jamoasi uchrashuvi Farg‘onadagi «Istiqlol» stadionida o‘tkazilishi aytilgandi.

Toshkentdan Namanganga qaytishda, 11 martga o‘tar kechasi «Navbahor» muxlislari bo‘lgan «Neksiya» avtomashinasi halokatga uchradi. Oqibatda ikki muxlis voqea joyida halok bo‘lgan, yana 3 muxlis og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Ayni vaqtda ularning biri o‘ziga kelgani haqida ma'lumot bor. Bundan tashqari, «Neksiya»ga qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlangan va to‘qnashuvning ikkinchi ishtirokchisi bo‘lgan «Damas» avtoulovida ham yo‘lovchilar bo‘lgan va ular orasida ham qurbonlar borligi aytilmoqda. Lekin bu borada hozircha rasmiy ma'lumot yo‘q.

Shu o‘rinda «O‘yin nega aynan Toshkentga ko‘chirildi?» degan savol muxlislarni qiziqtiradi. Asosiy sabab tushunarli, hali Namangandagi stadion mavsumga tayyor emas. O‘yinni Qo‘qonga ham ko‘chirib bo‘lmasdi, chunki «Qo‘qon-1912» ham hali stadionni tayyor holatga keltirmagan. Shu sababli, jamoalar neytral maydonda o‘ynashga majbur bo‘lishdi va bunday maydon sifatida Toshkent temiryo‘l muhandislari instituti stadioni tanlandi.

Tribuna.uz muxbiri bu boradagi savollarga javob olish uchun PFL, «Navbahor» va «Qo‘qon-1912» vakillari bilan aloqaga chiqdi.

PFL direktori Omon G‘ofurovning aytishicha, tashkilot dastlab o‘yinni Farg‘onada o‘tkazishni, bu har ikki tomon uchun qulay bo‘lishini ma'lum qilgan. «Navbahor» esa «Istiqlol» stadioni bilan bir to‘xtamga kela olmagani sababli o‘yinni Toshkentda o‘tkazishni so‘ragan. PFL TTMI stadionini qisqa muddatda o‘yinga tayyorlash uchun jonbozlik ko‘rsatgan. Bu ma'lumotni «Navbahor» klubidagilar ham tasdiqlashdi.

«Navbahor» rahbariyati o‘yinni Toshkentda o‘tkazish tashabbusi o‘zlaridan chiqqanini, PFL stadionni o‘yinga tayyorlash, xavfsizlikni ta'minlashda yordam berganini ta'kidladi. «Qo‘qon-1912» vakillari bilan bog‘langanimizda shunday javob oldik: «Biz mehmon jamoamiz, shu sababli qaysi stadionda o‘ynashni tanlay olmasdik. «Navbahor» Qarshiga yoki Samarqandga desa ham boraverardik».

Bu holatdan shunday xulosa qilish mumkinki, klublar biroz mas'uliyatli bo‘lib, barcha tayyorgarliklarni o‘z vaqtida qilishganida, ortiqcha muammolar paydo bo‘lmasdi...

Eslatib o‘tamiz, «Navbahor» hamda «Qo‘qon-1912» jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 1:1 hisobida yakunlangandi. O‘yindan keyin «Navbahor» muxlislari «Qo‘qon-1912» futbolchilariga qarata turli xil buyumlar uloqtirgani haqida xabar bergandik.

Mavzuga oid