12 martdan 13 martga o‘tar kechasi Chempionlar ligasining nimchorak finali doirasida yana ikki javob uchrashuvi o‘tkaziladi. Bu oqshomda portugaliyalik yulduz jamoasi bilan keyingi bosqichga chiqish uchun yana bir urinib ko‘radi.

Yuventus – Atletiko
12 mart. Turin. «Yuventus» stadioni. 01.00.
Yo‘qotishlar: Aleks Sandro (diskval.), Duglas Kosta, Xedira (ikkisi – jarohat) – Diyego Kosta, Partey (ikkisi – diskval.), Filipe Luis, L.Ernandes (ikkisi – jarohat)
Hakam: Kaypers (Niderlandiya).
Birinchi o‘yin - 0:2.

Keyingi yillarda Ronaldu kamida 3 marta o‘zining eng sevimli yevrokubogida g‘alabalarni nishonlab, «Yuventus» muxlislarining orzusini armonga aylantirgandi.

O‘tgan yili ham bu ikki marta ro‘y bergandi. Avvaliga Turindagi o‘yinda afsonaviy chalqancha zarbasidan keyin mezbon jamoa muxlislari ham «Real» hujumchisini olqishlashgandi. Keyin Madriddagi javob o‘yinida o‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda Krishtianu Ronaldu penalti zarbasini aniq ijro etib, jamoasini turnir yarimfinaliga olib chiqqandi. U 2016-17 yilgi mavsum finalida, Kardiffdagi o‘yinda ham «Yuventus» darvozasini ikki bor ishg‘ol etib, yirik hisobdagi g‘alabani ta'minlagandi (4:1). Umuman, bu futbolchi turinliklar jamoasini «dafn qilish» bo‘yicha katta tajribaga ega.

Nihoyat endi u o‘zining futboldagi «sehri»ni turinliklar uchun ishlatishiga imkon tug‘ildi - undan endi «Yuve»ning orzularini tiriltirish so‘raladi. Madridda «Atletiko»dan 0:2 hisobida mag‘lub bo‘lib qaytgan jamoani bugun ronalduchasiga gollar qutqarishi mumkin. Turin shunga umid qilmoqda.

Golsiz tanaffus
Turinliklar mo‘jizaga ham, Ronalduga ham umid qilishmoqda. Portugaliyalik yulduz aynan YeChL uchun Turinga olib kelingan - undan «Yuve»ning yevrokuboklardagi omadsiz seriyasini to‘xtatish talab etiladi. Turinliklar Chempionlar ligasi finalida 9 marta o‘ynagan va faqat 2 marta g‘olib chiqqan, oxirgi g‘oliblik 1996 yilga to‘g‘ri keladi.

Joriy mavsumning nimchorak finaliga qur'a tashlanganida bu juftlikda turinliklar favorit sifatida ko‘rsatilgandi, ammo Ispaniya poytaxtidagi birinchi o‘yin o‘sha vaqtdagi taxminlarning oyog‘ini osmondan qildi. «Yuventus» fevral oyidagi o‘sha mag‘lubiyatdan keyin A Seriyada uch o‘yin o‘tkazib, barchasida g‘alaba qozondi va ichki chempionatdagi eng yaqin ta'qibchisi bilan oradagi farqni juda yiriklashtirib yubordi - mavsum yakuniga 11 tur qolgan bir paytda ikkinchi o‘rindagi «Napoli» peshqadamdan 18 ochko ortda qolib ketgan. Qiziq tomoni, Ronaldu bu vaqt mobaynida bitta ham gol urmagan, u o‘tgan hafta oxirida «Udineze»ga qarshi kechgan va 4:1 hisobidagi yirik g‘alaba bilan yakunlangan o‘yinda asosiy tarkibning boshqa futbolchilari qatorida dam oldi, uning golsiz seriyasi qariyb bir oyni tashkil qilmoqda, u oxirgi marta 16 fevral kuni «Frozione»ga qarshi o‘yinda (3:0) darvozani ishg‘ol qilgandi.