Iskoning goli va Marseloning Beylga golli uzatmasi «qaymoqranglilar»ga Zidanning qaytishidagi ilk o‘yinda «Selta»ni mag‘lub etishda yordam berdi.

«Real» - «Selta» - 2:0 (0:0)
Gollar: Isko, 62 (1:0). Beyl, 77 (2:0). 
«Real»: Navas, Odriosola, Serxio Ramos, Varan, Marselu, Kroos, Modrich (Valverde, 77), Isko (Sebalos, 63), Asensio, Beyl, Benzema (M.Dias, 82).
«Selta»: Ruben Blanko, Vaskes, Kostas, Arauxo, Xunka (Xudt, 4), Bufal (Yulsager, 68), Lobotka, Okay Yokushlu (Beltran, 75), Mendes, Sisto, Gomes.
Ogohlantirish: Beyl, 45. 
Hakam: Martines Munuera (Ispaniya).
16 mart. Madrid. «Santyago Bernabeu» stadioni.

Fransuzning olqishlanishi

O‘tgan haftada «Real» bosh murabbiyligi kursisiga qaytgan Zinedin Zidan shanba kuni «Santyago Bernabeu»da olqishlar bilan qarshi olindi. Xulen Lopetegi va Santyago Solari davridan keyin muxlislar unga avliyodek qarashdi. Chindan ham, u avvalgi 2,5 yillik faoliyatida Yevropani «Qirollik klubi» qarshisida tiz cho‘ktirgandi.

Oxirgi motivatsiyalar
Hozircha fransiyalik mutaxassisga Yevropada ish yo‘q, avval ichki ishlarni hal qilib olish kerak. «Real»da bu mavsum uchun yagona motivatsiya qolgan - Chempionlar ligasi o‘rnini yo‘qotmaslik (buning ehtimoli juda kam). Ayni vaqtda «Real» peshqadamdan 12 ochko ortda, shu bilan birga beshinchi o‘rindagi «Alaves» bilan oradagi farq ham 10tani tashkil qilmoqda. Zidan o‘z qo‘li ostidagi futbolchilar bilan to‘rtinchi o‘rindan pastga tushib ketmaslikni uddalashi aniq.

Navas, Marselo va Iskoning qaytarilishi
Oddiy futbol muxlisi «Real»ning «Selta»ga qarshi boshlang‘ich tarkibini ko‘rib hayron bo‘lishi mumkin edi. Nima uchun tarkibda Tibo Kurtua, Serxio Regilon, Dani Karvaxal, Kazemiro, Lukas Vaskes va Vinisius Junior yo‘q: nahotki Zidan «tozalash» ishlarini boshladi?

Asensio chap qanot hujumida, Beyl o‘ng qanotda - bu yerda barchasi tushunarli. Vinisius va Lukas Vaskes jarohatda. Shu tufayli bu o‘yinda o‘ng qanot himoyasiga Odriosola qo‘yildi, Karvaxal emas. Ammo Solari davrida chap qanot himoyasida muqim o‘rin egallagan Serxio Regilon zaxirada qoldirilib, Marselo boshlang‘ich tarkibga qaytarildi, shuningdek, o‘tgan yilning oktyabridan buyon, ya'ni Solari klub bosh murabbiyligiga kelganidan buyon biror marta boshlang‘ich tarkibdan o‘rin olmagan, hatto futbol o‘ynashni unutib qo‘ygani aytilayotgan Isko o‘yinni ilk daqiqalardan maydonda boshladi. Nihoyat, darvozaga Kurtua emas, Navas qo‘yildi, bu orqali Zidan barchaga, «Real» prezidentiga, muxlislariga va futbolchilarga o‘z qat'iyatini ko‘rsatib qo‘ydi.