Dam olish kunlari Italiya chempionatida 28-tur o‘yinlari o‘tkazildi. Unda e'tiborga loyiq bo‘lgan bir qancha voqealar yuz berdi.

«YuVeNTUS»NING ILK MAG‘LUBIYaTI

«Yuventus» safarda «Jyenoa» bilan o‘ynadi va mavsumda ilk marotaba yutqazdi. Qachonlardir bu voqea yuz berishi kerak edi. Allegri Chempionlar Ligasidagi «Atletiko»ga (3:0) qarshi og‘ir o‘yindan so‘ng, yetakchilarga dam berdi, ammo tarkib baribir asosiyga yaqinroq bo‘lib qoldi.

Birinchi bo‘lim teng kurashlar ostida o‘tdi va xavfli vaziyatlar deyarli yuz bermadi. Ikkinchi bo‘limda turinliklar faolroq harakat qildilar va navbatdagi g‘alabani qo‘lga kiritishga yaqinroq edi. Biroq, «Jyenoa» bosh murabbiyi Chezare Prandelli maydonga zaxiradan Pandev va Sturaroni tushirdi. Bu qaror o‘yin taqdirini hal qildi. 72-daqiqada Sturaro uzoq masofadan aniq zarba yo‘llab, chiroyli gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Oradan 10 daqiqa o‘tgach, Pandevning o‘zi Kuame boshlagan hujumni mantiqiy yakuniga yetkazib, hisobdagi farqni oshirdi. Qolgan daqiqalarda «Yuventus»ning vaziyatni o‘nglash uchun qilgan barcha harakatlari samarasiz ketdi.

Qayd qilish joizki, 1-davrada «Yuventus» ilk marotaba «Jyenoa»ga qarshi o‘yinda ochko yo‘qotgan edi. Endi esa mavsumda ilk marotaba yutqazdi.

Bu natijadan so‘ng, «Yuventus» 75 ochko bilan 1-o‘rinda, «Jyenoa» esa 33 ochko bilan 11-o‘rinda bormoqda.

Jyenoa – Yuventus 2:0 (0:0, 2:0)
17 mart, 14.30, «Luiji Ferraris» stadioni
Gollar: 1:0 – 72 Sturaro, 2:0 – 81 Pandev.
Jyenoa – Radu, Pedru Pereyra, Romero, Zukanovich, Krishito, Lerager, Radovanovich (Velozu, 75), Rolon, Lazovich (Sturaro, 70), Sanabriya (Pandev, 60), Kuame.
Yuventus – Perin, Kaseres, Bonuchchi, Rugani, Pyanich, Joau Kanselu (Bernardeski, 60), Aleks Sandro, Jan, Bentankur (Spinatssola, 77), Dibala, Manjukich (Kin, 73).
Ogohlantirishlar: Romero (3), Aleks Sandro (5), Kaseres (23), Pandev (82), Jan (85).

MILAN DeRBISIDA «INTeR» G‘ALABA QOZONDI

Turning markaziy o‘yini «San-Siro»da o‘tkazildi. «Milan» va «Inter» klublari Italiyada «Derbi della Madonnina» deb nomlanadigan bahsda kuch sinashdilar. Jamoalarning turnir jadvalida yonma-yon borayotgani va Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashayotgani o‘yinga qo‘shimcha keskinlikni bag‘ishladi.